Awesome Image

XITOY KORPORATSIYASI BILAN HAMKORLIK

Ma’lumki, joriy yilning yanvar oyida Davlatimiz Rahbari Xitoy Xalq respublikasiga tashrif buyurib, oliy darajadagi uchrashuvlar o'tkazdi. Xususan, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda Xitoyning Milliy yadro korporatsiyasi bilan hamkorlik aloqalari ham yo‘lga qo‘yildi. 

 

28-mart kuni Xitoy Xalq Respublikasining Milliy yadro korporatsiyasi ("China National Nuclear Corporation" - СNNC) vitse-prezidenti Shen Yanfen boshchiligidagi delegatsiyasi vakillari “Navoiyuran” davlat korxonasida bo‘lishdi.

 

Dastlab, mehmonlar "Zafarobod" kon boshqarmasiga qarashli 2-geotexnologik koni ishlab chiqarish faoliyati bilan tanishishdi.

 

“Navoiyuran” DK birinchi o‘rinbosari- Bosh muhandis A.Saparov xitoylik mutaxassislarga ishlab chiqarishning texnologik jarayonlari to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berdi. 

 

Kunning ikkinchi yarmida delegatsiya vakillari Navoiy shahrida joylashgan Uran ishlab chiqarish zavodi faoliyati bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

 

Tashrif dasturi doirasida Toshkent shahrida Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi rahbariyati va Xitoyning Milliy yadro korporatsiyasi vitse-prezidenti Shen Yanfen boshchiligidagi delegatsiyasining uchrashuvi belgilangan. 

 

Uchrashuvdan maqsad joriy yilning 23-yanvar kuni imzolangan “Uran resurslari bo‘yicha strategik hamkorlik” to‘g‘risidagi bitimda belgilangan masalalarni muhokama qilishdan iborat.

 

Eslatib o‘tamiz, 2023-yilning noyabr oyida korxona rahbariyati Xitoy davlatida bo‘lishib, mazkur korporatsiya vakillari bilan uchrashgan, ko‘p o‘tmay xitoylik mutaxassislar ham korxonaga tashrif buyurgan edi. 

 

 "Navoiyuran" DK axborot xizmati