Awesome Image

YANGICHA TIZIMDA ISHLAB CHIQARILGAN SULFAT KISLOTASI ILK BOSQICHI ISTEʼMOLCHILARGA YETKAZILDI

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-iyuldagi “2022-2030-yillarda “Navoiyuran” davlat korxonasida uranni qazib olish, qayta ishlash hajmlarini oshirish hamda uni transformatsiya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 319-sonli qarorida uran qazib olish va qayta ishlash jarayonida ishlatiladigan asosiy kimyoviy va boshqa xom ashyo mahsulotlariga boʻlgan talab bosqichma-bosqich oshib borishi belgilangan. 

Navoiy shahrida xitoylik investorlarning sarmoyasi asosida tashkil etilgan “ZARAFSHON INDUSTRIAL TECHNOLOGY” MCHJga qarashli sulfat kislota ishlab chiqarish sexi ham sulfat kislotasiga boʻlgan talabni qisman qanoatlantirish imkonini beradi. 5 gektar yerda qad rostlagan ushbu sexning yillik quvvati 100 ming tonnani tashkil qiladi. “Navoiyuran” DK va mazkur MCHJ bilan tuzilgan oʻzaro shartnomaga koʻra sex uzoq yilga korxona tomonidan ijaraga olindi. Mazkur sexdan birinchi yuk – 100 tonna sulfat kislotasi “Zafarobod” kon boshqarmasiga qarashli geotexnologik konlariga joʻnatildi. 

Ushbu jarayonda bevosita ishtirok etish va ishlarni tashkil qilish maqsadida “Navoiyuran” DK rahbariyati va masʼul xodimlari sexga tashrif buyurib, u yerda ishchi-xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar, laboratoriya tekshiruvlari, mahsulot sifati bilan yaqindan tanishdilar. Shu bilan birgalikda, sex faoliyatini yanada yaxshilash maqsadida oʻzlarining taklif va tavsiyalarini berdilar.

✍️ “Navoiyuran” DK axborot xizmati