Awesome Image

YAPONIYA KOMPANIYALARI BILAN HAMKORLIK ALOQALARI MUSTAHKAMLANMOQDA

Yaponiyaning “Itochu Corporation” korporatsiyasining bosh menejeri Suzuki Kotaro boshchiligidagi delegatsiya  “Navoiyuran” davlat korxonasiga tashrif buyurdi. Delegatsiya tarkibida shuningdek, “Itochu” bilan birgalikda JOGMEC kompaniyasi vakillari – menejer, geolog, biznes mutaxassis, yetakchi geologlar ham kelishdi. 

Dastlab mehmonlar “Zafarobod” kon boshqarmasi 2-Geotexnologik konida bo‘lishib, “Janubiy Bukinay” maydonidagi 13-lokal sorbsion qurilmalarning texnologik jarayonlari,  kislorod va sulfat kislotasi yordamida uranni yer ostidan qazib olish texnologiyasi hamda mahsuldor eritmalarni qayta ishlash uchastkasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Yaponiyalik hamkorlar ishlab chiqarish jarayonlariga tatbiq etilgan bu kabi texnologik yechimlarga yuqori baho berar ekan, ushbu amaliy muloqot va tajriba almashinuvi o‘z samarasini berishini ta’kidlashdi.

Shundan so‘ng mehmonlar Navoiy shahrida joylashgan Uran ishlab chiqarish zavodi faoliyati bilan tanishib, ishlab  chiqarilayotgan tabiiy uran sifati yuqoriligi va o‘zaro hamkorlik yanada mustahkamlanib borayotganligini qayd etishdi. Bu yerda mehmonlar bevosita tabiiy uran oksidini kuydirish orqali rudadan ajratib olishdan tortib, mahsulotni eksportga tayyorlashgacha bo‘lgan mashaqqatli va uzluksiz jarayonlarga guvoh bo‘lishdi.

Tashrif dasturiga asosan delegatsiya “Navoiyuran” davlat korxonasi bosh direktori Jahongir Xasanov bilan uchrashdi. Uchrashuvda “Itochu Corporation” korporatsiyasi bilan hamkorlik aloqalari yangi bosqichga chiqqani, o‘zaro ishonch va samimiylikka asoslangan ushbu hamkorlik har ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘layotgani ta’kidlandi.

Muloqot davomida “Navoiyuran” DK va “Itochu Corporation”  o‘rtasida uran konsentratlarini yetkazib berish bo‘yicha oldi-sotdi shartnomalarni ko‘rib chiqish, shuningdek, uranni yer ostida ishqorlash usulida qazib olish texnologiyasi bo‘yicha tajriba almashish va mustahkam hamkorlikni davom ettirish bo‘yicha masalalar muhokama etildi. 

Hozirda “Itochu Corporation”, JOGMEC va Davlat geologiya qo‘mitasi o‘rtasida tuzilgan memorandumga asosan “Mesheti”, “Qumtepa" ("Jasaga") va “Oqberdi” maydonlarida geologiya-qidiruv ishlari olib borilmoqda. Keyinchalik bu yerlarda tajriba-sanoat ishlari olib boriladi va uran qazib olish yo‘lga qo‘yiladi.

Uchrashuvda kelgusida ushbu uchlik ishtirokida qo‘shma korxona tashkil etish bo‘yicha ham takliflar bildirildi.

Bundan tashqari, “Navoiyuran” DK rahbariyati tomonidan kunchiqar yurtga xizmat safari uyushtirish hamda Yaponiyadagi uran boyitish zavodlari tajribasini o‘rganish, bu boradagi ilg‘or va zamonaviy texnik-texnologik yechimlarni o‘zlashtirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Shuningdek, mehmonlar reniy mahsulotining bozorini kengaytirish va yangi mijozlar izlab topish bo‘yicha ham amaliy yordam berishga tayyor ekanliklarini ma’lum qilishdi.    

Do‘stona va samimiy muloqot ruhida o‘tgan uchrashuv yakunida korporatsiya vakillari kelgusida yangi loyiha va yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni davom ettirish va yanada mustahkamlash istagini bildirishdi.

“Itochu Corporation” korporatsiyasi “Navoiyuran” DKning eng ishonchli hamkorlaridan biri ekanligi ta’kidlandi.

 

"Navoiyuran" DK axborot xizmati