Awesome Image

YAPONIYANING YIRIK KOMPANIYASI “NAVOIYURAN” BILAN HAMKORLIK QILISH ISTAGIDA

Yaponiyaning “Sumitomo Corporation” kompaniyalar guruhi vakillari “Navoiyuran” davlat korxonasiga tashrif buyurishdi. Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad har ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘lgan uran savdosi va uran ishlab chiqarish bilan bog‘liq hamkorlik istiqbollari va imkoniyatlarini muhokama qilish hamda fikr almashishdan iborat. 

Dastlab delegatsiya a’zolari “Navoiyuran” davlat korxonasi bosh direktori J.Xasanov bilan uchrashdi. 

Uchrashuvda “Sumitomo Corporation” kompaniyalar guruhining Toshkent ofisi boshlig‘i Ito Akira samimiy va do‘stona qabul uchun korxona rahbariga minnatdorchilik bildirdi.

Shundan so‘ng, mehmonlar yapon kompaniyasining tog‘-kon sanoati va uran ishlab chiqarish sohasiga oid yo‘nalishlari bo‘yicha taqdimot o‘tkazishdi. Xususan,
1919 yilda tashkil etilgan kompaniya 100 yildan ziyod vaqt davomida savdo va investitsiya sohasida faoliyat yuritib kelayotgani, hozirda Yaponiyaning eng yirik ulgurji savdo tashkilotlaridan biriga aylangani aytib o‘tildi.

“Jahonning 66 mamlakatida 130dan ortiq vakolatxonalariga ega bo‘lgan kompaniyamizda 79 000 nafardan ziyod rahbar va mutaxassislar ishlamoqda. Umumiy faoliyatimizning qariyb 30%ini konchilik, energiya ishlab chiqarish, kimyo va elektronika mahsulotlari tashkil qiladi”, - dedi Ito Akira.

Shuningdek, kompaniya raqamli transformatsiya, sulfat kislota, qo‘shma kreditlash kabi yo‘nalishlarda ham o‘z xizmatlarini taklif qildi. Jumladan, korxona ehtiyojiga qarab sulfat kislotasini yetkazib berish, sulfat kislota ishlab chiqarish zavodlari modernizatsiyasi va yangi sexlar qurish bo‘yicha bir qator takliflarini bildirdi. Shu o‘rinda mehmonlar korxonada sulfat kislotaga bo‘lgan talab va uni ishlab chiqarish jarayonlari bilan qiziqdi.

Korxona rahbari J.Xasanov “Uchquduq” ishlab chiqarish maydoni Sulfat kislota ishlab chiqarish sexi haqida ma’lumot berar ekan, so‘nggi yillarda sexda modernizatsiya ishlari olib borilishi natijasida mahsulot hajmini yiliga 550 ming tonnaga yetkazish imkoniyati yaratilgani,
2017 yilda 5 MVt quvvatga ega Hindiston texnologiyasi asosida bug‘ turbinasi o‘rnatilgani natijasida sexning elektr energiyasiga bo‘lgan talabi o‘zi tomonidan to‘liq qoplanayotganini, shu bilan birgalikda, ekologik xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan muhim loyiha bo‘lganini aytib o‘tdi.
Bu yechim yaponiyalik mutaxassislarda katta qiziqish uyg‘otdi.

O‘z navbatida kompaniya vakillari ishlab chiqarish samaradorligi yuqori va ekologik jihatdan yanada xavfsizroq bo‘lgan sex loyihasini ishlab chiqishlari mumkinligini bildirishdi. Bundan tashqari, delegatsiya o‘z kompaniyasining xorijiy tajribalari bilan ham o‘rtoqlashdi va ma’qul kelgan takliflarini ko‘rib chiqilishi Yaponiya tomoni uchun manfaatli bo‘lishini ta’kidlashdi.

Muloqotlar so‘ngida “Navoiyuran” DK rahbariyati mehmonlarning takliflarini o‘rganib chiqib, qisqa muddatlarda yana uchrashish bo‘yicha kelishib olishdi. 

Shu kuni yaponiyalik mutaxassislar “Zafarobod” kon boshqarmasiga qarashli 2-Geotexnologik konining 13-lokal sorbsion qurilmasi faoliyati va tabiiy uran qazib olish jarayonlari bilan yaqindan tanishishdi. 

 

 "Navoiyuran" DK axborot xizmati