Awesome Image

“ZAFAROBOD” KB 4-GEOTEXNOLOGIK KONIDA MAXSUS-TAKTIK O‘QUV MASHQLARI O‘TKAZILDI

“Navoiyuran” DK mutaxassislari O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri-Fuqaro muhofazasi boshlig‘ining buyrug‘iga asosan joriy yilning 25-27 sentabr kunlari Tomdi tumanida o‘tkazilayotgan qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqlarida faol ishtirok etishdi.



Ushbu o‘quv-mashqlari doirasida 26-sentabr kuni “Zafarobod” kon boshqarmasining 4-son geotexnologik konining qozonxona uchastkasida “Tabiiy va texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlar yuz berganda ob’ekt rahbariyati va fuqaro muhofazasi tuzilmalarining Tomdi tuman Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimini (FVDT) xizmatlari bilan hamkorlikdagi harakatlari” mavzusidagi maxsus-taktik o‘quv mashqlari o‘tkazildi.



Uch bosqichda o‘tkazilgan maxsus-taktik o‘quv mashqidan ko‘zlangan maqsad kuchli zilzila tufayli sodir bo‘lgan avariyalar sharoitida qutqaruv va boshqa kechiktirib bo‘lmaydigan tadbirlarni o‘tkazishda bilim va amaliy ko‘nikmalarini takomillashtirish, kon fuqaro muhofazasi tuzilmalari shaxsiy tarkibida qutqaruv va boshqa kechiktirib bo‘lmaydigan tadbirlarni o‘tkazishda hamkorlikdagi kuch va vositalar bilan o‘zaro hamjihat harakatlanish ko‘nikmalarini hosil qilish, favqulodda vaziyatlar sharoitida jismoniy va ma’naviy-ruhiy barqarorlik hislatlarini shakllantirishdan iborat.



O‘quv-mashqiga kon boshqarma fuqaro muhofazasi shtabi, qo‘mondonlik punkti, favqulodda vaziyatlar bo‘yicha qo‘shma komissiya va 4-sonli geotexnologik koni bosh mutaxassislari, idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash otryadi, “NKMK jamg‘armasi” DM 5-sonli tibbiy sanitariya qismining ixtisoslashgan toksikologik shoshilinch tibbiy yordam brigadasi, “NKMK” AJ va “Navoiyuran” DKning YoXTTEM 18-son kasbiylashtirilgan yong‘in qismlarining jangovor ekipajlari va avtotrasnport vositalari jalb etildi.



Yakunda Maxsus komissiya tomonidan geotexnologik koni Fuqaro muhofazasi tuzilmalari sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga tayyor deb baholandi.



"Navoiyuran" DK axborot xizmati