Awesome Image

Zafarobodda Navro'z sayli bo'lib o'tdi

 Zafarobodda Navro'z sayli bo'lib o'tdi

     Yurtimizda bahor faslining bor go'zalligini o'zida mujassam etgan yangilanish va poklanish ayyomi-Navro'z bayrami Zafarobod qo'rg'onida ham har yilgidan ko'ra o'zgacha  ko'tarinkilik bilan nishonlandi.

     Joriy yilning 20 mart kuni “Navoiyuran” DK bo'linmalari  va “NKMK Jamg'armasi” DM Zafarobod hududiy boshqarmasi mehnat jamoalari hamda qo'rg'on aholisi ishtirokida “Assalom Navro'z-yangilanish, mehr –oqibat va qadr-qimmat ayyomi” shiori ostida Navro'z sayli o'tkazildi.

     Erta tongdan karnay-surnay sadolari yangrab, el-ulus bayram shodiyonalariga chorlandi. Yil boshidan keng ko'lamda olib borilgan obodonlashtirish va ko'kalamzorlashtirish ishlari natijasida  qaytadan tiklanib chiroy ochgan qo'rg'on ko'li hududi aholi bilan gavjum bo'lib, o'zgacha tarovat kasb etdi.

     An'anaga ko'ra har bir bo'linma, tashkilot va ta'lim muassasalari tomonidan o'ziga xos bayramona bezatilgan o'tov va maydonlarda bahoriy taomlar, milliy va hunarmandchilik mahsulotlari ko'zgazmalari, asrlar bo'yi davom etib kelayotgan milliy an'analarni aks etuvchi sahna ko'rinishlari namoyish etildi.  Turli millat  vakillari o'z an'ana va urf-odatlarini taqdim etishdi. Arqon tortish, chillak, dorboz va kurash  kabi milliy sport o'yinlari  qiziqarli tarzda tashkil etildi. O'zaro do'stlik, hamjihatlik, birodarlik kuy-qo'shiqlari har bir bayram ishtirokchisi qalbiga olam-olam xursandchilik bag'ishladi.  

     Navro'z saylida “NKMK” AJ boshqaruv raisi- Bosh direktori K.S.Sanaqulov, “Navoiyuran” DK Bosh direktori J.T.Xasanov, Konimex tumani xokimi M.A.Egamqulovlar ishtirok etib, har bir jamoaning bayram ko'rgazmalari bilan tanishib chiqishdi, ularni Navro'zi olam bilan muborakbod etishdi.

     Xalq saylida badiiy dastalar, folklor jamoalari, iste'dodli yoshlarning chiqishlarini o'zida mujassam etgan kontsert dasturi barchaga zavq-shavq ulashdi. Shuningdek, “Nihol” mukofoti sovrindori, “Shuhrat” medali soxibi xonanda Dilmurod Sultonov kuy-qo'shiqlari bilan Navro'z shodiyonasiga yanada ko'tarinki kayfiyat baxshida etdi.

     Bayram tantanalari doirasida o'tkazilgan ko'rik-tanlov yakunlariga ko'ra 3-o'rin Zafarobod kon boshqarmasi 2-geotexnologik koni, 2 –o'rin “NKMK Jamg'armasi” Zafarobod hududiy boshqarmasi hamda Zafarobod kon boshqarmasi 1-geotexnologik koni mehnat jamoasi 1-o'ringa munosib topildilar. Bundan tashqari, “Eng yaxshi milliy liboslar”, “Eng yaxshi urf-odatlar”, “Eng yaxshi dasturxon”, “Eng yaxshi innovatsion g'oya”, “Eng yaxshi tashkilotchi”, “Eng yaxshi taqdimot” nominatsiyalari g'oliblari va sovrindorlari qimmatbaho sovg'alar bilan taqdirlandilar.

     Qisqasi, tabiat injiqliklariga qaramasdan Zafaroboddagi  Navro'z sayili yurtdoshlarimizning qadimiy milliy qadriyatlarga qanday sadoqat bilan yondashayotganligini yana bir bor namoyish etdi. Shubhasiz, Navro'z tarovati konchilarni yil davomida yangi marralar va rivojlanishlar sari etaklaydi.


Nafisa SAGATBAEVA

“Navoiyuran” DK Matbuot xizmati muharriri