"Navoiyuran" davlat korxonasi tomonidan ekologik xavfsizlikni ta'minlash, ishlab chiqarish hududlarida tabiiy muhitni saqlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish borasida qator chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
Korxonada ekologik siyosatni amalga oshirish va barcha ishlab chiqarish jarayonlarini O'zbekiston Respublikasining ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonun hujjatlari talablariga muvofiqligini – “Atrof-muhit muhofazasi” xizmati amalga oshiradi.
“Navoiyuran” DK tarkibiy bo'linmalari uchun 2022-yilga mo'ljallangan “Atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik vaziyatni yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar rejasi” ishlab chiqilib, Navoiy, Buxoro va Samarqand viloyatlari ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmalari bilan muvofiqlashtirilgan.
Atrof-muhit muhofazasi xizmati mutaxassislari O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Kon-metallurgiya sanoati sohasida ekologik talablar va atrof-muhit muhofazasi me'yorlarini xalqaro standartlar asosida belgilash dasturi chora-tadbirlari to'g'risida”gi qaror loyihasini ishlab chiqish bo'yicha quyidagi takliflarni kiritdilar:
1.“Navoiyuran” davlat korxonasi geotexnologik konlarida yer osti suvlarini ifloslanishi holatini monitoring qilish tizimini takomillashtirish;
2.Kon-metallurgiya korxonalari laboratoriyalarining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash maqsadida zamonaviy nazorat-o'lchov asbob-uskunalari bilan jihozlangan mobil laboratoriyalar bilan ta'minlash.
2022-2025-yillarga mo'ljallangan geotexnologik konlarda ishlab chiqarishdan to'xtatilgan yerlarni rekultivatsiya qilish reja-jadvali asosida 2022-yilda jami 386 gektar yer maydonlarini rekultivatsiya qilish hamda yaroqli holga keltirilgan yerlarni tuman zahirasiga topshirish rejalashtirilgan. Joriy yilning birinchi choragida 96 gektar yerlarda rekultivatsiya ishlari bajarildi.
Atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalar chiqarilishi va unga fizik omillarning zararli ta'siri me'yorlariga rioya etilishi o'z vaqtida nazorat qilinadi, ularning hisobi va statistik hisoboti yuritiladi. Atmosfera havosiga chiqayotgan ifloslantiruvchi moddalarning sifat va miqdoriy tarkibini aniqlash, shuningdek, ekologik laboratoriyalarni jalb etgan holda o'lchovlarni amalga oshirish maqsadida namunalar olish uchun Navoiy viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining maxsus laboratoriyasi jalb qilindi.
Xo'jalik faoliyatini amalga oshirish to'g'risida qaror qabul qilinishidan avval 2022-yilga mo'ljallangan “Konchilik ishlarini rivojlantirish yillik rejasi”ga kiritilgan konlarni o'zlashtirish uchun yer uchastkalarini tanlash va ajratish materiallariga davlat ekologik ekspertizasidan ijobiy xulosa olish maqsadida ishlab chiqiladigan “Atrof muhitga ta'sir ko'rsatilishi to'g'risidagi bayonot loyihasi”ni ishlab chiquvchi tashkilotlarga buyurtma berish masalalari hal qilinmoqda.
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan “Davlat ekologik ekspertizasi to'g'risida”gi nizom va ob'yektning davlat ekologik ekspertizasini tashkil etish uchun zarur bo'lgan bir qator chora-tadbirlar ro'yxati talablariga muvofiq ekspertizadan o'tkazish materiallarini tayyorlash va taqdim etishdan oldin jamoatchilik eshituvlarini o'tkazish zarurligi inobatga olinadi.
Davlat ekologik ekspertizasi ekspertlari tomonidan taqdim etilgan loyihalarni ko'rib chiqish natijasi bo'yicha davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasini olingandan keyin xo'jalik faoliyatini amalga oshirishga ruxsat etiladi.
O'zbekiston Respublikasining “Chiqindilar to'g'risida”gi Qonun talablarini bajarish maqsadida oldi-sotdi operatsiyasi ob'yekti bo'lgan chiqindilarga, shuningdek, tashilishi kerak bo'lgan xavfli chiqindilarga chiqindi bilan bog'liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi sanitariya normalari va qoidalariga, ekologik normativlarga muvofiqligi bo'yicha ekologik sertifikatlar olish borasida ham ishlar tashkil qilingan.
Bundan tashqari, suv resurslaridan oqilona foydalanish, suvning maqsadsiz iste'mol qilinishiga yo'l qo'ymaslik, suvni tejab sarflash, suvlarning sifatini tiklash va yaxshilash choralarini ko'rish, belgilangan suv olish limitlari va suv iste'moli qoidalariga rioya etilishini, suvni maxsus iste'mol qilishda qonunchilikda belgilangan tartibda ruxsatnomalar rasmiylashtirilish ishlari nazoratga olingan.
“Toza hudud” hududiy davlat unitar korxonasi tomonidan tarkibiy bo‘linmalarda hosil bo‘ladigan qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqish ishlari tashkil etildi. Idoraviy tashkilotlarda atrof-muhitga ifloslantiruvchi moddalar chiqarilishi va tashlanishi, atrof-muhit holati va tabiiy resurslar doimiy monitoringi olib boriladi.