Bugungi kunda sanoatda ilgʻor innovatsion texnologiyalarni joriy etish orqali, ishlab chiqarish koʻlamini yanada kengaytirish imkoniyati yaratildi. “Navoiyuran” DK da ham sohada yangi innovatsion yondoshuvlar olib borilmoqda. Shular qatorida, siqilgan havo yordamida ma’danlarni oksidlashning kiritilishi yuqori karbonat tarkibidagi uran konlarini oʻzlashtirish va rudani samarali qazib olish imkonini berdi. Bu karbonatli maydonlarda ishqorlash jarayonida sulfat kislotasining oʻziga xos iste’molini 30% dan koʻproq kamaytirishga imkoniyat yaratdi. Toʻgʻridan – toʻgʻri yer osti ishqorlash maydonida oksidlovchi vosita – gazsimon kislorod ishlab chiqarishga imkon beradigan uskunaning joriy etilishi yana bir muhim texnik qaror boʻldi. Adsorbtsion kislorod stantsiyalarining joriy etilishi “Aulbek”, “Shimoliy Konimex”, “Sugrali”, va “Terequduq” konlarida kislorodli oksidlash texnologiyasi orqali ishlab chiqarishni ko`paytirishda muvaffaqiyatli qadam boʻldi. Sohada zamonaviy texnologiyalar, ilm-fanning eng soʻnggi yutuqlari, innovatsion ishlanmalarning izchil tatbiq etilishi mahsulot ishlab chiqarish koʻlamini yanada oshirish imkonini bermoqda.
“Navoiyuran” DK da ilmiy-tadqiqot ishlari va innovatsion faoliyatni rivojlantirish maqsadida Innovatsion rivojlantirish boʻlimi tashkil etildi va 2022-yil uchun “Navoiyuran” DK innovatsion rivojlantirish dasturi qabul qilindi. Dasturdagi 18 ta innovatsion loyihalarning ishlab chiqarishga joriy etilishi uranni qazib olish va qayta ishlash samaradorligini oshirish, mahsulot tannarxini kamaytirish, eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlar sonini kengaytirishga katta zamin yaratadi.
“Navoiyuran” DKni innovatsion rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari:
- Geologik qidiruv
- Konchilik ishlari
- Qayta ishlash va boyitish
- Transport
- Energetika
- Avtomatlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari
- Mehnat muhofazasi va sanoat xavfsizligi
- Ekologiya va atrof-muhit muhofazasi
Innovatsion ishlanmalarni joriy etish quyidagi vazifalarni bajarish imkonini beradi:
- konchilik ishlari tannarxi, materiallar va reaktivlar, yoqilg‘i, energiya xarajatlari, transport uskunalariga texnik xizmat ko‘rsatish xarajatlarini kamaytirish;
- atrof-muhitni muhofaza qilish va yer osti boyliklarini qazib olishning to‘liqligi;
- uran va noyob yer elementlarini qoʻshimcha ajratib olish;
- texnologik asbob-uskunalar va ehtiyot qismlarni mahalliylashtirish;
- ishlab chiqarish asbob-uskunalarining mustahkamligi va xavfsizligini oshirish;
- ishlab chiqarish jarayonlarini tashkiliy boshqarish darajasini oshirish;
- eksportbop ishlab chiqarilgan mahsulotlar turini ko‘paytirish;
“Navoiyuran” DK mamlakatimizning quyidagi yetakchi oliy o‘quv yurtlari va ilmiy muassasalari bilan samarali hamkorlik qiladi:
- Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti
- Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi U.A. Arifov nomidagi ion – plazma va lazer texnologiyalar universiteti
- Yadro fizikasi instituti
- Toshkent davlat texnika universiteti va boshqalar.
“Navoiyuran” DK ning 20 ga yaqin ixtiro va foydali modellari uchun O`zbekiston Respublikasi Intelektual mulk agentligi tomonidan patentlar berilgan.