Korxona konlarida raqamlashtirish va 3D modellashtirish ishlari jadal davom etmoqda
“Navoiyuran” davlat korxonasi tasarrufidagi konlarni zamonaviy geoinformatsion texnologiyalar asosida raqamlashtirish va ularning uch o‘lchamli (3D) modellarini yaratish ishlari izchil bosqichda amalga oshirilmoqda.
Mazkur jarayon “Zafarobod” kon boshqarmasi negizida tashkil etilgan Konlarni raqamlashtirish va 3D modellashtirish markazi tomonidan olib borilmoqda.
Hozirgi kunga qadar “Shimoliy Konimex” koni bo‘yicha to‘liq elektron ma’lumotlar bazasi shakllantirildi. Konning bir nechta bloklari Schlumberger kompaniyasining Petrel dasturiy mahsulotlari asosida 3D vizual ko‘rinishda modellashtirildi. Natijada konning geologik tuzilishi, rudalashuv chegaralari va texnologik ko‘rsatkichlari yuqori aniqlikda raqamli muhitda aks ettirildi.
Shuningdek, SLB kompaniyasi vakili tomonidan tasdiqlangan o‘quv-amaliy dastur asosida korxona mutaxassislarining zamonaviy dasturiy ta’minot bilan ishlash bo‘yicha nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash ishlari “Qizilqoq” koni ma’lumotlari misolida olib borilmoqda. Bu jarayon konlarni geologik modellashtirish, zahiralarni hisoblash, kon-geologik tahlil hamda ishlab chiqarish jarayonlarini optimallashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Raqamlashtirish va 3D modellashtirish ishlari konlarni o‘zlashtirish samaradorligini oshirish, resurslarni aniq rejalashtirish, texnologik xatarlarni kamaytirish hamda boshqaruv qarorlarini ilmiy asosda qabul qilish imkonini bermoqda.
Kelgusida markaz tomonidan “Navoiyuran” DK tasarrufidagi barcha konlarni bosqichma-bosqich raqamlashtirish va ularning to‘liq 3D modellarini yaratish rejalashtirilgan. Bu esa korxonada raqamli transformatsiya jarayonlarini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.



