KORXONA VAKILLARI NUFUZLI XALQARO KO‘RGAZMADA FAOL ISHTIROK ETISHMOQDA
28-30-aprel kunlari Toshkent shahrida “INNOPROM. Markaziy Osiyo” V xalqaro sanoat ko‘rgazmasi o‘tkazilmoqda.
Ko‘rgazmada Rossiya Federatsiyasi va Respublikamizdagi yirik sanoat korxonalari vakillari sohada amalga oshirilayotgan yutuqlar, eng ilg‘or texnologiyalarni namoyish etishmoqda.
Shuningdek, ko‘rgazma doirasida Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi va tarmoq korxonalarining ham ko‘rgazmasi tashkil etilgan. Xususan, tadbirda “Navoiyuran” DK rahbariyati, tarkibiy bo‘linmalarning rahbarlari va mas’ul xodimlar ham ishtirok etishmoqda.
Ko‘rgazma doirasida tashkil etilgan panel sessiyalarda ham korxona mas’ullari o‘z taqdimotlari bilan qatnashishdi.
Xususan, “Navoiyuran” davlat korxonasi Bosh direktori maslahatchisi Ilyas Ujaxov “Oʻzbekistonda raqamlashtirishning asosiy yoʻnalishlari” mavzusida maʼruza taqdim etdi.
Taqdimotda korxonaning asosiy ishlab chiqarish koʻrsatkichlari va raqamli transformatsiyaning ustuvor yoʻnalishlari, jumladan, “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish, Industriya 4.0 elementlarini joriy etish, raqamli infratuzilmani rivojlantirish, IT sohasining eksport salohiyatini oshirish masalalari yoritildi.
Yechim sifatida beshta asosiy blokdan iborat raqamli platformalar ekotizimini shakllantirish taklif etildi. Xususan, texnologik (ishlab chiqarish) blok — qazib olish, qayta ishlash, ishlab chiqarish maʼlumotlari, moliya-iqtisodiy blok — moliya boshqaruvi, byudjetlashtirish, korporativ (ofis) blok — IT, kadrlar, hujjat aylanmasi, logistika va taʼminot — resurslar va materiallar harakati, innovatsiyalar va barqaror rivojlanish — raqamli transformatsiya, ESG, yangi texnologiyalar.
Ko‘rgazma davom etmoqda.















