“Navoiyuran” davlat korxonasi respublikada yana bir eng yuqori nufuzli xalqaro kredit reytingni qo’lga kiritdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-iyulidagi PQ-319 sonli qaroriga muvofiq, “Navoiyuran” davlat korxonasi o‘zini jahon moliya bozorlarida zamonaviy va barqaror kompaniya sifatida tanitish, investitsion jozibadorligini oshirish maqsadida o‘z transformatsiyasini jadal davom ettirmoqda.
O‘tgan 2024-yilda korxona tomonidan mineral xom ashyo bazasining ishlab chiqarish hajmi va samaradorligini oshirish, tannarxini tushirish bo‘yicha qilingan ishlar xalqaro Fitch Ratings agentligi tomonidan munosib baholandi hamda “Navoiyuran” DKga uzoq muddatli defolt reytingi (Long term issuer default rating) BB- va yakkalangan kredit profili (Stand alone credit profile) BB-ekanligini belgilab berdi.
Ma’lumot uchun, 2024-yilda noyabrida Standard&Poorʻs Global Ratings agentligi “Navoiyuran” DKga uzoq muddatli defolt reytingi (Long term issuer default rating) BB- va yakkalangan kredit profili (Stand alone credit profile) BB- bergan edi. “Navoiyuran” DK ushbu reyting bilan respublikamiz yirik sanoat davlat korxonalari o‘rtasida ikkinchi o‘rinni egallaganligini bildiradi.
Jahon investorlari uchun muhim baholash manbai bo‘lgan Fitch Ratings o‘z hisobotida “Navoiyuran” DK tomonidan olib borilgan geologiya-qidiruv ishlari natijadorligi oshgani, mineral xom ashyo bazasi o‘sgani va ishlab chiqarish xarajatlari esa sohadagi nufuzli uran ishlab chiqaruvchi xorijiy kompaniyalarga nisbatan eng past ekanligi, uning transformatsiya jarayonlari muttasil davom ettirayotganligiga alohida e’tibor qaratdi.
E’tirof etish joizki, Buyuk Biritaniyaning SRK Consulting kompaniyasi xulosasiga ko‘ra, korxona tasarrufida bo‘lgan konlar uran zaxiralari Avstraliyaning JORC standartlariga muvofiq 115,6 ming tonnani tashkil etdi (o‘tgan yili mazkur ko‘rsatkich 71 ming tonnani tashkil etgan edi). Moliya sohasi bo‘yicha o‘zining shaffofligini yana bir bor namoyon etgan holda, “Navoiyuran” DKning 2024-yil moliyaviy hisobotlariga “Katta to‘rtlik” (BIG FOUR) safiga kiruvchi Deloitte xalqaro auditorlik tashkiloti tomonidan yana “ijobiy” auditorlik xulosasini berdi. Bunday xulosa 2022-2023 yillar uchun moliyaviy hisobotlariga ham berilgan edi.