“Navoiyuran” davlat korxonasi vakillari Avstraliyada xalqaro tadbirda ishtirok etmoqda
“Navoiyuran” DK vakillari Avstraliyaga xizmat safari doirasida AQShning “General Atomic” va “Nuclear Fuels Corporation” kompaniyalari taklifiga binoan Avstraliyaning Janubiy Avstraliya mintaqasi, Adelaida shahridan 550 km shimolda joylashgan “Heathgate Resources Pty Ltd” tomonidan boshqariladigan “Beverley Four Mile” konida uran ishlab chiqarish faoliyati boshlaganligining 25 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda ishtirok etmoqda.
Kompaniya mutaxassislari mazkur kon 4 ta ishlab chiqarish maydonidan tashkil topganligi, konning geologiya-qidiruv tarixidan boshlab hozirgi kungacha bosib o’tilgan faoliyat, texnologik burg‘ilash ishlari, yer osti qazib olish, mahsuldor eritmalarni markazlashgan holda qayta ishlash, sorbsiya, ekstraksiya, quyultirish va quritish jarayonlari to’liq avtomatlashgan, tayyor mahsulotni esa robotlashtirilgan tizim orqali qadoqlab, eksportga yo’naltirishi haqida taqdimot o’tkazdilar.
Kompaniya mavjud kondagi faoliyatini kengaytirishi bilan birga, Avstraliyaning Kvinslend mintaqasida ham yangi uran, mis va oltin konlarini o’zlashtirish arafasida ekanligini ma’lum qildi.
Shuningdek, atrof muhitni asrash, hayvonot olami, bio xilmaxillikni ta’minlash, mahalliy tub aholi vakillari bilan munosabatlar, biznesning ijtimoiy javobgarligi haqida batafsil ma’lumot berilib, tashrif buyurganlar mazkur ob’ektlar bilan joyiga chiqqan holda tanishdilar.
Bundan tashqari, “Nuclear Fuels Corporation” kompaniyasi vakili Kristofer Frenkning ma’lumot berishicha 2030-yilgacha AQShning New Mexico shtatida qumtoshli yirik uran konini ishga tushirish arafasida ekanligi va hozirgi vaqtda zarur ruxsatnoma hamda litsenziyalarni rasmiylashtirish jarayoni borayotganini ma’lum qildi.
Ushbu loyihani amalga oshirishda xorijiy hamkor jalb etish bo’yicha rejalarga ham to’xtalib o’tar ekan, “Navoiyuran” DK ushbu loyihada ishtirok etish uchun faol muzokaralarni boshlashga tayyor ekanligini ta’kidladi.


