Mehnat muhofazasi samarali ishlab chiqarish kafolati
“Navoiyuran” davlat korxonasida “Ehtiyotkorona ishlab chiqarish. Ish joyini tashkil etish (5s)” bo‘yicha navbatdagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda korxona Bosh direktorining birinchi o’rinbosari – bosh muhandis A.Saparov, “Lavin Solyushn Lab Ltd” (Rossiya) Bosh direktori Dmitriy Javoronkov, mehnat muhofazasi va barqaror rivojlanish bo‘yicha direktor S.Nurnazarov, mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligiga mas’ul bo‘lgan muhandis-texnik xodimlar, Uran ishlab chiqarish zavodi rahbariyati, innovatsion rivojlanish bo‘limi, operatsion samaradorlikni oshirish bo‘limi guruh rahbari hamda “Zafarobod” kon boshqarmasidan vakillar ishtirok etishdi.
Muloqotlarda korxonada “Ehtiyotkorona ishlab chiqarish. Ish joyini tashkil etish (5S)” tizimini joriy etish natijalarining taqdimoti o‘tkazildi. Ushbu tizim ishlab chiqarish jarayonlarini takomillashtirishga qaratilgan bo‘lib, u ish joyini optimallashtirish, buning natijasida samaradorlikni oshirish va yo‘qotishlarni kamaytirishni maqsad qilgan.
Taqdimot ish joyidagi muhitni va xavfsizlikni boshqarish bo‘yicha muhim jihatlarni o‘z ichiga oladi. U mehnat muhofazasi va xavfsizlikni boshqarish tizimiga talablarni belgilaydi, ishchilar uchun xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish, ularning sog‘lig‘i va xavfsizligiga tahdidlarni minimallashtirish, shuningdek, qonunchilik talablariga muvofiqlilikni ta’minlashga qaratilgan.
5S tizimini joriy etish “Tartibga solish (Seiri)”, “Tizimlashtirish (Seiton)”, “Tozalik (Seiso)”, “Standartlashtirish (Seiketsu)”, “O‘zini tartibga solish (Shitsuke)” kabi talablarni o‘z ichiga oladi.
Eslatib o‘tamiz, korxona ishchi-xodimlari uchun mazkur kompaniya vakili, bir qator xalqaro ISO va IRIS standartlari bo’yicha boshqaruv tizimlarining yetakchi auditori Yuriy Pavlenko murabbiyligida o‘quv-seminarlari o‘tkazilgan edi.