“Bosh direktor kubogi” turniri yakunlandi
Xabaringiz bor, 28-aprel kuni futbol bo‘yicha “Bosh direktor kubogi” turniri start olgan edi. Ushbu turnirda “Navoiyuran” DK boshqarmasi va uning tarkibiy bo‘linmalarida mehnat qilayotgan ishchi-xodimlardan iborat 18 ta jamoa o‘zaro bellashishdi.
Qiziqarli va murosasiz bahslarga boy bo‘lgan turnirda har bir jamoa o‘zlarining bo‘linmalari sharafini munosib himoya qilishdi.
Albatta har qanday o‘yinda g‘oliblar va mag‘lublar bo‘lganidek, mazkur bellashuvda ham eng kuchlilar saralab olindi.
Hakamlar hay’atining yakuniy xulosasiga ko‘ra eng ko‘p 48 ball to‘plagan va butun turnir davomida 53 marta raqiblar darvozasini aniq nishonga olgan “Zafarobod” kon boshqarmasining 3-sonli Geotexnologik koni jamoasi 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Zafarobod shaharchasida “Bosh direktor kubogi” turniri g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimda “Navoiyuran” DK 6-Birlashgan kasaba uyushmasi Qo’mitasi raisi Davrbek Temirov, “Zafarobod” kon boshqarmasi direktori Otabek Ruziyev hamda korxona mutasaddilari, mahalla faollari va yoshlar ishtirok etishdi.
Korxona rahbariyati ko‘rsatgan faolliklari va sportni ommalashtirishda qo‘shgan munosib hissasi uchun barcha sportchilarga, ularning murabbiylariga, hakamlarga va boshqa tashkilotchilarga o‘zining minnatdorligini bildirdi.
Shundan so‘ng 1-o‘rin sohibiga turnir kubogi va tegishli miqdordagi pul mukofoti sertifikati tantanali ravishda topshirildi. Kuchli uchlikdan joy olgan “Zafarobod” kon boshqarmasining 1 va 4-sonli Geotexnologik koni jamoalari ham pul mukofoti sertifikatlarini qabul qilib olishdi.
Shuningdek, “Eng yaxshi o‘yinchi”, “Eng yaxshi to‘purar”, “Eng yaxshi darvozabon” nominatsiyalari bo‘yicha futbolchilar maxsus statuetkalar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Eslatib o‘tamiz, yaqinda sportning basketbol turi bo‘yicha “Bosh direktor kubogi” uchun bahslarga start beriladi.


















