Halollik – barcha yutuqlarning asosi
“Navoiyuran” davlat korxonasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar – Navoiy ixtisoslashtirilgan prokuraturasi va viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari ishtirokida “Korrupsiya tushunchasi, mazkur sohadagi qonunchilik talablari hamda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida xodimlar huquqiy madaniyatini oshirish va xulq-atvorini shakllantirish” mavzusida seminar tashkil etildi.
Tadbirda korxona rahbariyati tomonidan belgilangan ustuvor vazifalardan biri sifatida “Halollik vaksinasi” tamoyili asosida xodimlar o‘rtasida pok vijdon, mas’uliyatli xulq-atvor va javobgarlik tuyg‘usini mustahkamlashga alohida urg‘u berildi.
Xususan, korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash, ularning oldini olish hamda bunday holatlarga olib keluvchi omillarni bartaraf etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.
Seminar davomida Navoiy ixtisoslashtirilgan prokuraturasi prokurori N.Tilavov sohada kuzatilayotgan jinoyat holatlari, kelib tushayotgan murojaatlar va ularni bartaraf etish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha ma’lumot berdi. Shu bilan birga, korxona xodimlariga korrupsiyaga qarshi kurashish borasida huquqiy tavsiya va tushuntirishlarini yetkazdi.
“Navoiyuran” DK Komplayens xizmati boshlig‘i A.Mustafayev korxonada korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni, bu boradagi kelgusidagi vazifalarni bayon qildi. Ayniqsa, joriy yilda korxonada ISO 37001:2016 “Korrupsiyaga qarshi kurashish menejmenti tizimi” va ISO 37301:2021 “Komplayens menejmenti” xalqaro standartlari joriy etilgani, bu esa tizimli va samarali faoliyat uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilayotganini ta’kidladi.
Seminar yakunida korxona mehnat jamoasi o‘rtasida korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish lozimligi, har bir inson o‘z faoliyatida halollik, shaffoflik va mas’uliyat prinsiplariga sodiq qolish zarurligi yana bir bor uqtirildi.








