ISTIQLOLDAN KUCh OLGAN KORXONA
Mustaqillik – bu millatning o‘lmas ruhi, ozod hayotimiz va buyuk kelajagimiz poydevori. U bizga nafaqat tarixiy iftixor, balki yangilanish, bunyodkorlik va taraqqiyot sari yo‘l ko‘rsatuvchi buyuk ma’naviy quvvat manbai hamdir. Ortida qolgan 34 yil ichida yurtimiz barqaror taraqqiyot yo‘lidan borib, har bir go‘shasida yangidan-yangi imkoniyatlar eshigi ochildi, xalqimizning hayoti tobora farovonlashdi. Bugun O‘zbekiston mustaqil davlat sifatida dunyo sahnasida o‘z munosib o‘rnini topdi.
Shu ulkan jarayonlarda “Navoiyuran” davlat korxonasi ham Vatan taraqqiyotining ishonchli tayanchi sifatida tobora yuksalib bormoqda. Korxona nafaqat mamlakatimiz iqtisodiy qudratini mustahkamlashda, balki xalqimiz uchun munosib turmush tarzini yaratishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Aynan shunday bunyodkorlik va mehnatsevarlik samarasi o‘laroq Eng aziz, eng ulug‘ bayram davlatimiz mustaqlligining 34 yilligi munosabati bilan Konimex tumaning Zafarobod shaharchasida “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida bayram shodiyonasi ko‘tarinki ruhda tashkil etildi.
“Navoiyuran” davlat korxonasi mamlakatimiz iqtisodiyotida strategik ahamiyat kasb etuvchi korxonalardan biri sifatida nafaqat milliy miqyosda, balki xalqaro maydonda ham o‘z nufuzini tobora mustahkamlab bormoqda. So‘nggi yillarda olib borilgan islohotlar, zamonaviy boshqaruv tizimlarini joriy etish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish natijasida korxona jadal taraqqiyot yo‘lidan bormoqda.
Ayniqsa, so‘nggi yillarda tizimli islohotlar va transformatsiya jarayonlari orqali o‘z faoliyatini yangi pog‘onaga ko‘tardi. 2025-yilning o‘tgan davri natijalariga ko‘ra, korxona nafaqat ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini sezilarli oshirdi, balki xalqaro maydondagi obro‘yini ham mustahkamladi. Bu jarayonda loyiha ofisining tashkil etilishi, geologiya-qidiruv ishlarining jadallashuvi va ESG tamoyillarining joriy etilishi muhim o‘rin tutadi. Korxonaning har yillik o‘sish sur’atlari – masalan, uran zaxiralari o‘sishida 330% gacha va burg‘ilash hajmida 155,5% gacha o‘sayotgani bu sanoatning barqaror rivojlanishining yaqqol isbotidir. Xalqaro hamkorlikning kengayishi esa, dunyoning yirik kompaniyalari bilan birgalikdagi loyihalar orqali, “Navoiyuran”ni global uran bozorida munosib o‘rin egallashga olib kelmoqda. Korxonaning ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari 2025 yilda o‘tgan yillarga nisbatan sezilarli o‘sishni manoyish etmoqda. Korxonaning asosiy drayver nuqtasi- uran qazib olish va mineral xom-ashyo bazasini rivojlantirish bo‘lib, bu sohada amalga oshirilayotgan investitsion loyihalar o‘sishining asosiy harakatlantiruvchi kuchi hisoblanadi.
Shuningdek, xalqaro hamkorlikda erishilgan natijalar ham sezilarli – loyiha ofisi tashkil etilganidan buyon 50 dan ortiq mamlakatdan 100 ga yaqin kompaniya bilan aloqalar o‘rnatildi. Bundan tashqari, xalqaro hamkorlik doirasida yirik kompaniyalar bilan qator qo‘shma loyihalar qo‘lga kiritildi. Avstraliya, Yaponiya, Fransiya, Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston va boshqa davlatlar bilan uran qazib olish va qayta ishlash sohasida qo‘shma dasturlar amalga oshmoqda. Shuningdek, Mo‘g‘ulistonda korxonamizning rasmiy vakolatxonasi ochildi, joriy yilda esa Avstraliyaning Cauldron Energy kompaniyasi bilan yangi konni o‘zlashtirish bo‘yicha muhim kelishuvga erishish rejalashtirilgan.
Bayram dasturi avvalida, korxona bosh direktori Djamal Fayzullaevning korxona jamoasiga hamda Zafarobod ahliga yo‘llagan bayram tabrigi o‘qib eshittirildi. Tabrikda ham yuqoridagi kabi yutuqlar e’tirof etildi.
Bugungi yurtimiz bo‘ylab, Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun g‘oyasini o‘zida mujassam etgan mustaqillik bayramiga bag‘ishlangan tantanalar keng miqyosda nishonlanmoqda Shu jumladan “Navoiyuran” davlat korxonasida ham bayramni yuksak saviyada nishonlash uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Xususan, haftalik smenada ishlayotgan ishchi-xodimlarimiz uchun bayram dasturxonlari yozilib, oshlar tashkil qilindi. Ishchi-xodimlar o‘rtasida turli sport musobaqalari o‘tkazildi. Bundan tashqari, kam ta’minlangan oilalar farzandlari uchun o‘quv qurollardan iborat bo‘lgan to‘plamlar taqdim etildi. Yolg‘iz pensionerlar xolidan xabar olindi. Ietimoiy himoyaga muhtoj ishchi-xodimlarning uylariga oziq-ovqat to‘plamlari yetkazildi. Shuningdek, Navoiy, Zafarobod, Uchquduq, Nurobod maydonlarida katta konsertlar tashkil etildi. Bugungi shodiyonamizga mahalliy ijodkorlar bilan birga, poytaxtdan tashrif buyurgan xushovoz xonanda Bahrom Nazarovning kuy-qo‘shiqlari barchaga birdek xushnudlik ulashdi. Bundan tashqari, bayram davomida o‘zining fidokorona mehnati, qobiliyatlari va barcha mehnatlari uchun bir qator ishchi-xodimlarimiz taqdirlandilar. O‘ylaymanki, bunday taqdirlashlar, mana bunday tashkil etilayotgan tadbirlar yurtimiz mustaqilligini xalqimiz qalbida uzoq kunlar yodda qoladigan tadbirlardan biriga aylantiradi. Shuningdek, o‘z ishiga bo‘lgan, o‘z kasbiga bo‘lgan faxr iftixor tuyg‘ularini vujudga keltiradi. Ularni mustahkamlaydi va keyingi korxonamiz oldida qo‘yilgan rejalarni amalga oshirish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi, – deydi 6-Birlashgan kasaba uyushmasi Qo‘mitasi raisi Davrbek Temirov.
Har bir bayramga munosib mehnat zafarlari va yutuqlar bilan borayotgan korxona jamoasi bu gal ham belgilangan rejalarni ortig‘i bilan uddaladi. Barcha ko‘rsatkich va raqamlar prognozga nisbatan yuqori o‘sish sur’atlarida ta’minlanmoqda. Bayramga yig‘ilganlar qalbidagi quvonch va yuzlaridagi xursandchilikda ham ushbu fikrlar o‘z ifodasini topdi.
Zafarobod aholisi bayramni juda ko‘tarinki kayfiyatda kutib olmoqda. Hamma xursand, hamma shod. Bunday shart-sharoitlar yaratib berayotgani uchun avvalambor yurtboshimizga, qolaversa, “Navoiyuran” DKga o‘zimizning minnatdorchiligimizni bildiramiz. Chunki, har doim bizga mana shunday bayramlar, konsert dasturlari tashkil etishadi. Zafarobodda chinakam mehnatkashlar iqtiqomat qiladi. Bu yerda hammaning o‘z sevgan ishi bor va doimiy band, biz bir oiladekmiz. Shuning uchun bunday bayramlar ularning dam olishlari va ishchanlik darajasini oshirishlari uchun judayam muhim. Men o‘zim yosh o‘qituvchiman. So‘nggi yillardan Zafarobdda bo‘layotgan o‘zgarishlarni ko‘rib, to‘g‘risi ko‘zim quvnayapti. Korxona tomonidan maktablarimizning ta’mirlab berildi, zamonaviy o‘yingohlari qurildi, yangi jihozlar va badiiy adabiyotlar bilan ta’minlandi. Ko‘chalarimiz ham, yashab turgan ko‘p qavatli uylarimiz ham to‘liq ta’mirdan chiqarildi. Bunga yarasha o‘quvchilar ham, kattalar ham o‘qish va ishda doimo ilg‘or bo‘lishga harakat qilishmoqda, – deydi Ferangiz Ahmedova.
Shodiyona davomida korxonadagi ko‘p yillik fidokorona mehnati, jahon standartlariga javob beradigan mahsulotlar ishlab chiqarilishiga qo‘shgan munosib hissasi hamda davlatimiz tomonidan belgilab berilgan ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini o‘z vaqtida ta’minlashga qo‘shayotgan hissasini inobatga olgan holda hamda mustaqilligimizning 34 yilligi munosabati bilan korxona ishchi-xodimlaridan bir guruhiga korxona bosh direktorining Faxriy yorliqlari topshirildi. Shuningdek, soha fidoyilari turli darajadagi “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishoni hamda “Navoiyuran faxriysi” unvonlari bilan taqdirlandilar.
Bayram arafasida korxonamiz rahbariyati tomonidan bizni mehnatimizni e’tirof etilib III darajali “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishoni bilan taqdirlashdi. Men bunday e’tibordan judayam mamnunman. Korxonamiz o‘z oldiga qo‘ygan rejalarni sifatli va muddatida uddalashiga ishonamiz va bu yo‘lda biz doim kamarbasta bo‘lib mehnat qilamiz. Men 17 yillik faoliyatim davomida ikki marotaba faxriy yorliq olgan edim. Bu galgisi meni judayam xursand qildi. Bizning korxonamiz respublikamizdagi oldi qatorlardagi va uran bo‘yicha yagona kompaniya sanaladi. Bu yerda ishchi-xodimlar uchun mehnatga haq to‘lash, ijtimoiy himoya va karera uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan, – deydi mehnatga haq to‘lash va rag‘batlantirish bo‘limi boshlig‘i Oybek Usanov.
Tantana davomida mahalliy va poytaxt san’atkorlarining dilbar qo‘shiq va raqslari, xalqimizning yuksak ruhini, Vatanga bo‘lgan muhabbatini tarannum etdi. Xususan, O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Navoiy viloyat bo‘linmasi sozanda va xonandalari hamda “Yoshlik” madaniyat uyining ijodkorlari tomonidan Ona Vatan, mustaqillik va tinchlikni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiq va raqslar bilan davom etdi. Shuningdek, tantanada o‘zbek estradasi yulduzi Bahrom Nazarov ham ishtirok etib, o‘zining diltortar taronalari bilan yig‘ilganlarni xushnud etdi.
Mana bir necha yillardan buyon Navoyi viloyatining ko‘plab bayramlariga, xususan, Navro‘z, Mustaqillik bayramlariga ishtirok etib kelaman. Navoiy xalqi judayam san’atsevar xalq. Ayniqsa, Zafarobod aholisi bizni judayam yaxshi qarshi olishadi. Men bu mo‘jaz shaharchada ikkinchi bor bo‘lishim. Xalqimizning kayfiyati a’lo darajada. Tashkilotchilar bayramga katta tayyorgarlik ko‘rishgani sezilib turibdi. “Navoiyuran” davlat korxonasi yurtimizdagi nufuzli yirik korxonalardan biri sanaladi. Men barcha ijodkorlardan nomidan korxona rahbariyatiga va uning mehnat jamoasiga o‘zimning minnatdorchiligimni bildiramiz. Bayram hammaga muborak bo‘lsin, yurtimizga bayramlar yarashadi, – deydi “Shuhrat” medali sohibi Bahrom Nazarov
Shodiyona oxirida yorqin mushakbozlik osmonni ravshan qilib, barchaga bayramon kayfiyat ulashdi. Zafarobod aholisi bu bayramni chinakam shodlik va minnatdorlik bilan kutib oldi. Xalqimiz qalbidagi quvonch, yuzlardagi samimiy tabassum, farzandlarimizning nurli ko‘zlarida aks etgan orzu va umid – mustaqilligimiz barchasining mevasidir.
Bugungi kun “Navoiyuran”ning mehnatkashlariga, butun xalqimizga yana bir bor yorqin haqiqatni ko‘rsatmoqda – Mustaqillikdan kuch olgan korxona – yurtimiz kelajagi va xalqimiz farovonligi uchun xizmat qiladigan buyuk tayanchdir!
























