KASB BAYRAMI KO‘TARINKI RUHDA NISHONLANDI
Navoiy shahridagi “Farhod” madaniyat saroyida O‘zbekiston Respublikasi konchilik va metallurgiya sanoati xodimlari kuni kasb bayrami munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda “NKMK” AJ, “Navoiyuran” davlat korxonasi va “NKMK jamg’armasi” DM tizimida fidokorona mehnat qilib kelayotgan soha ilg‘orlari, viloyat hokimligi va tashkilotlari rahbarlari hamda mehnat faxriylari ishtirok etishdi.
Tantana avvalida O’zbekiston qahramoni, “NKMK” AJ Boshqaruvi raisi – Bosh direktor Quvondiq Sanaqulov korxonalar tizimida mehnat faoliyatini olib borayotgan konchi va metallurglarni va barcha soha xodimlarini bayram bilan tabriklab, ularga eng samimiy va ezgu tilaklarini bildirdi.
Xususan, “Navoiyuran” DK va uning jamoasi erishayotgan yutuqlarga ham to’xtalib o’tdi:
Shu alohida ta’kidlab o‘tmoqchimanki, bayramni “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ, “Navoiyuran” davlat korxonasi, “NKMK Jamg‘armasi” DM hamda konchilik va texnologiyalar universiteti bilan birgalikda nishonlayotganimizda ham bir hikmat bor.
Negaki, barchamizning maqsadimiz bir, ya’ni, jonajon O‘zbekistonimiz iqtisodiy salohiyatini mustahkamlashdir. Bu sohada erishayotgan yutuqlarimiz salmoqlidir. Jamoalarimizning birligi va jipsligi barcha yutuq va muvaffaqiyatlarimizning asosidir, desam sizlar ham meni fikrimga qo‘shilasizlar.
Navoiyuran jamoasi ham o‘z oldiga qo‘yilgan barcha rejalarni sharaf bilan bajarib kelmoqda.
Shu yilning fevral oyida kombinat va aprel oyida “Navoiyuran” davlat korxonasiga “Sustainable Fich” xalqaro agentligi tomonidan ESG-reytingi berildi.
Bu ikki korxona O‘zbekiston tog‘-kon sanoatida ESG-reytingini olgan birinchi kompaniyalar bo‘ldi.
Korxonaning yutuqlaridan yana biri -Fransiyaning Orano Mining, Yaponiyaning ITOChU Corporation bilan “Jongeldi” konida uran ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hamkorligi muhim voqeadir, dedi u o’z tabrigida.
Ushbu tadbirda va barcha tarkibiy bo‘linmalarda korxonadagi ko‘p yillik fidokorona mehnati, O‘zbekiston Respublikasining jahon standartlariga javob beradigan mahsulotlar ishlab chiqarilishiga qo‘shgan munosib hissasi hamda O‘zbekiston Respublikasi konchilik va metallurgiya sanoati xodimlari kuni kasb bayrami munosabati bilan bir guruh rahbarlar, muhandis-texnik va ishchi xodimlar taqdirlandilar.
Xususan, 10 nafar soha ilg‘orlari I, II va III darajali “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishoni, 15 nafari Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining “Faxriy yorlig‘i” bilan, shuningdek, “Navoiyuran” davlat korxonasi ma’muriyati va 6-Birlashgan kasaba uyushmasi Qo‘mitasining Qo‘shma qaroriga asosan korxonadagi ko‘p yillik fidokorona mehnati, ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki hamda sana munosabati bilan 5 nafar xodimga “Navoiyuran faxriysi” unvoni, 15 nafariga korxonaning “Faxriy yorlig‘i” hamda bir guruhiga qimmatbaho esdalik sovg’alari topshirildi.
Tantanali tadbir “Farhod” madaniyat saroyi badiiy jamoalari hamda xonandalarining kuy-qo‘shiq va raqslari bilan davom etdi.






































