Korxona geologlari qutlandi
“Navoiyuran” DK faollar zalida O‘zbekiston Respublikasi geologiya sohasi xodimlari kuni munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbir avvalida “Navoiyuran” DK Bosh direktori Djamal Fayzullayevning tizimda mehnat faoliyatini olib borayotgan barcha soha xodimlariga yo‘llagan bayram tabrigini korxona bosh muhandisi A.Saparov o‘qib eshittirdi.
Tabrikda ta’kidlanganidek, Sizlarni va sizlar orqali hayotini yer qa’ri sirlarini o‘rganishdek sharafli va mashaqqatli ishga bag‘ishlagan barcha soha fidoyilarini – geologlar, geofiziklar, marksheyder va gidrogeologlarni kasb bayrami – O‘zbekiston Respublikasi geologiya sohasi xodimlari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman!
Uran geologiyasi – milliy iqtisodiyotimiz qalqoni va sanoat taraqqiyotining strategik tayanchidir. Geolog bo‘lish – bu shunchaki kasb emas, bu tabiat bilan uyg‘unlikni his qila oladigan, jismonan va ruhan bardoshli, o‘tkir tahlilchi va shijoatli insonlarning hayot tarzidir.
Bugungi kunda “Navoiyuran” davlat korxonasi sizlarning tinimsiz mehnatingiz evaziga o‘z oldiga qo‘ygan ulkan maqsadlar sari dadil qadam tashlamoqda.
Tantanali tadbir davomida korxonadagi ko‘p yillik fidokorona mehnati, O‘zbekiston Respublikasining jahon standartlariga javob beradigan mahsulotlar ishlab chiqarilishiga qo‘shgan munosib hissasi hamda “O‘zbekiston Respublikasi geologiya sohasi xodimlari kuni” munosabati bilan 39 nafar ishchi-xodimlar “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishoni hamda faxriy yorliq va tashakkurnomalar bilan taqdirlandilar.
Xususan, 17 nafariga Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining faxriy yorliqlari topshirildi.
Bayram tantanasi “Farhod” madaniyat saroyi hamda “Yoshlik” madaniyat uyi badiiy jamoalari hamda xonandalarining kuy-qo‘shiq va raqslari bilan davom etdi.













































