Korxona vakillariga davlat mukofotlari topshirildi
Bugun Navoiy viloyati hokimligida O‘zbekiston Respublikasi geologiya sohasi xodimlari kuni munosabati bilan “Navoiyuran” davlat korxonasi xodimlarini yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirda Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov, “Navoiyuran” davlat korxonasi Bosh direktori Djamal Fayzullayev, viloyatdagi tashkilot va korxonalar rahbarlari, soha fidoyilari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tantanali marosim avvalida viloyat hokimi N.Tursunov va korxona rahbari Dj.Fayzullayev geologiya sohasi xodimlarini kasb bayrami bilan samimiy muborakbod etib, ularning mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyoti, mineral-xomashyo bazasini mustahkamlash va xalqimiz farovonligini ta’minlashdagi beqiyos hissasini alohida ta’kidladilar. Shuningdek, geologlarning mashaqqatli va sharafli mehnati, yuksak mas’uliyat va fidoyilik talab etadigan kasb ekani e’tirof etildi.
O‘zbekiston Respublikasi geologiya sohasi xodimlari kuni arafasida Davlatimiz Rahbarining tegishli Farmoniga asosan ikki nafar korxona vakili yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlangan edi. Jumladan, Uran geologiyasi markazi “Zirabuloq” geologiya-qidiruv ekspeditsiyasi bosh geologi Muminov Tolibjon Xoliyorovichga “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan geolog” faxriy unvoni, shuningdek, korxonaning geologiya va qidiruv ishlari bo‘yicha direktori Jo‘rayev Sherali Izatilloyevichga “Shuhrat” medali tantanali ravishda topshirildi.
Mazkur e’tirof yurtimizda geologiya sohasiga qaratilayotgan yuksak e’tibor, soha xodimlarining munosib qadrlanayotgani hamda ularni yangi yutuqlar sari rag‘batlantirishning yaqqol ifodasi bo‘lib xizmat qiladi.








