“Navoiyuran” davlat korxonasi Bosh direktori Djamal Fayzullayevning 1-oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan bayram tabrigi
Aziz va muhtaram ustozlar, qadrli murabbiylar, hamkasblar!
Sizlarni mamlakatimiz hayotidagi ulug‘ bayram — O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan chin yurakdan tabriklayman!
Buyuk bobokalonlarimiz – Abu Rayhon Beruniy, Abu Bakr ar-Roziy, Muhammad al-Xorazmiy, Nasiriddin Tusiy, Ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy kabi allomalar asrlar davomida ilm-fan taraqqiyotiga va ta’lim-tarbiyaga beqiyos hissa qo‘shib, insoniyat taraqqiyotida o‘chmas iz qoldirganlar. Ular yaratgan ilmiy meros nafaqat yurtimizda, balki xalqaro miqyosda ham yuksak baholangan. Masalan, Beruniyning asarlari geodeziya, astronomiya va tarix sohalarida hanuzgacha ilm ahli tomonidan o‘rganiladi, Abu Bakr ar-Roziy kimyo ilmining otasi sifatida e’tirof etilib, kislotalarni tadqiq qilgan, kimyoviy moddalarni ajratib olish usullarini ishlab chiqqan.
Nasiriddin Tusiy kimyo, fizika va mineralogiyada ham tadqiqotlar olib borgan. Ibn Sinoning “Tib qonunlari” asari Yevropada asosiy tibbiyot qo‘llanmasi sifatida o‘qitilgan, Xorazmiyning “Al-jabr” asari jahon matematikasida yangi yo‘nalishni boshlab bergan, Mirzo Ulug‘bekning ilmiy izlanishlari esa dunyo astronomlari uchun muhim manba sifatida tan olingan.
Bugungi kunda ham mamlakatimizda ilm-fan va ta’lim sohasiga alohida e’tibor qaratilib, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev rahnamoligida ustoz va murabbiylar mehnatini qadrlash, ta’lim tizimini isloh qilish, yosh avlodning bilim va ma’naviyatini yuksaltirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, ilmiy-tadqiqot markazlari va yangi universitetlarning tashkil etilishi, yosh olim va tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash, xalqaro nufuzli ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, raqamli texnologiyalar va innovatsiyalarni ta’lim jarayoniga tatbiq etish kabi ishlar ilm-fan taraqqiyotining yangi bosqichiga yo‘l ochmoqda. Shu bilan birga, davlat rahbarimiz tomonidan ulug‘vor maqsad – Yangi O‘zbekistonni uchinchi Renessans pog‘onasiga olib chiqish, yoshlarimizni ilm-fan, ma’rifat va innovatsiyalar asosida tarbiyalash vazifasi qo‘yilgan.
Yurtimizda asrlar davomida muqaddas sanalgan “ustoz-shogird” an’anasi bugungi kunda “Navoiyuran” davlat korxonasida ham munosib davomini topib, yangi mazmun kasb etmoqda.
Siz, aziz ustozlar, konchilik va geologiya sohasi uchun bilimdon, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashda, yoshlarga nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarni berishda, ularning kasbiy mahorat hamda shaxsiy rivojiga munosib hissa qo‘shib kelmoqdasiz.
Sizlarning doimiy mehnatingiz, sabr-toqatingiz va samimiy mehringiz tufayli korxonamizda faqat zamonaviy texnologik jarayonlarni puxta o‘zlashtirgangina emas, balki ilm-fan yutuqlarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirib, yangi g‘oya va innovatsiyalarni joriy etishga qodir yosh mutaxassislar yetishib chiqmoqda. Ular milliy va kasbiy qadriyatlarga sadoqatli, ilg‘or fikrlaydigan, xalqaro standartlar darajasida raqobatbardosh kadrlar sifatida shakllanmoqda.
Ishonchimiz komilki, bunday yosh avlod kelajakda nafaqat “Navoiyuran” davlat korxonasi, balki butun mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib, ilm-fan va ishlab chiqarish uyg‘unligini ta’minlaydigan haqiqiy soha peshqadamlari bo‘lib kamol topadi.
Bu maqsadga erishishda sizlarning xizmatlaringiz bebahodir. Sizlar yoshlarga nafaqat bilim va tajriba ulashasiz, balki ularning qalbiga vatanparvarlik, mehr-oqibat, mas’uliyat va insonparvarlik tuyg‘ularini singdirasiz. Bu esa sizlarni nafaqat ustoz, balki ulug‘ murabbiy sifatida ko‘rsatadi. “Navoiyuran” davlat korxonasida ustoz-shogird tizimining samarali yo‘lga qo‘yilgani sizlarning sa’y-harakatlaringiz samarasidir. Joriy 2025-yilda korxonamizda 920 nafardan ortiq ishchi-xodimlar qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida ta’lim oldi. Bu jarayonda 85 nafar yuqori malakali mutaxassis nazariy ta’lim o‘qituvchisi sifatida, 370 nafardan ziyod tajribali xodimlar esa ishlab chiqarish ta’limi yo‘riqchisi sifatida faol ishtirok etdi.
Bu raqamlar sizlarning mehnatingiz va sadoqatingizning yorqin dalilidir.
Sizlar tayyorlagan shogirdlar — burg‘ilovchilar, geologlar, geotexnologlar, apparatchi, marksheyderlar — bugun korxonamizning yetakchi mutaxassislariga aylanib, sanoat ishlab chiqarishiga munosib hissa qo‘shmoqda. Ularning muvaffaqiyatlari sizlarning mehnatingiz, sabr-toqatingiz va o‘z kasbingizga bo‘lgan muhabbatingiz samarasidir.
Sizlar nafaqat bilim, balki insonga xos eng oliy fazilatlarni — mas’uliyat, iroda va mehnatsevarlikni o‘rgatasiz.
Qadrli ustozlar va murabbiylar!
Sizlarning bu sharafli vazifangizni amalga oshirishda doimo yoningizda ekanligimdan mamnunman.
“Navoiyuran” davlat korxonasi sizlarning faoliyatingizni yanada qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy ta’lim usullari va texnologiyalarini joriy etish orqali ustoz-shogird an’anasini yanada rivojlantirishga tayyordir.
Ushbu ulug‘ bayramda barchangizga mustahkam sog‘lik, uzoq umr, oilaviy baxt va farovonlik tilayman. Xonadonlaringizdan tinchlik, mehnatingizdan omad va qalblaringizdan quvonch arimasin.
Sog‘-omon bo‘ling, aziz ustozlar!
Hurmat va ehtirom ila,
“Navoiyuran” DK Bosh direktori
Djamal Fayzullayev