2025-yil - Atrof-muhitni asrash va "yashil iqtisodiyot" yili
X

Biz haqimizda

"Navoiyuran" davlat korxonasi 2022 yil yanvar oyida "Navoiy KMK"AJni isloh qilish natijasida tashkil etilgan.

Kontakt

  • Inspektorlar 7, 210100, O'zbekiston Respublikasi, Navoiy viloyati, Navoiy shahri
  • info@navoiyuran.uz
  • Ofis ish vaqti: Dushanba - Juma 08:00 - 17:00 Shanba-Yakshanba: Yopiq

“Navoiyuran” davlat korxonasi Bosh direktori Djamal Fayzullayevning Yangi 2026-yil bayrami munosabati bilan korxona jamoasiga bayram tabrigi

Hurmatli hamkasblar, aziz do‘stlar!

Sizlarni, ko‘p ming sonli jips jamoamizni, kirib kelayotgan Yangi – 2026-yil bilan chin dildan samimiy tabriklayman! Ushbu qutlug‘ damlarda barchangizga mustahkam sog‘liq, tinchlik-osoyishtalik, oilalaringizga farovonlik, baxtu saodat tilayman.

Biz 2025-yilni shunchaki yakunlab qo‘ymayapmiz. Biz bu yilni ortida ulkan mehnat, sabr-toqat, fidoyilik va jamoaviy kuch mujassam bo‘lgan tarixiy natijalar yili sifatida kuzatmoqdamiz. Davlatimiz rahbarining strategik rahnamoligi, uran sanoatiga qaratilgan doimiy e’tibor tufayli 65 yillik tarixga ega sohamiz mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi. Jamoamiz zimmasiga yuklatilgan vazifalarning kattaligiga qaramasdan, korxonamizda yuqori iqtisodiy o‘sish ta’minlandi, burg‘ilash hajmlari ham oshdi, geologiya-qidiruv ko‘lami kengaydi, yangi konlarni o‘zlashtirishga kirishildi, investitsiya loyihalari amalga oshirildi.

Joriy yilda “Navoiyuran” davlat korxonasi nafaqat mamlakatimiz iqtisodiy barqarorligiga salmoqli hissa qo‘shdi, balki jahon uran bozoridagi mavqeini yanada mustahkamladi. Korxona jahonda uran ishlab chiqaruvchi yetakchi davlatlar qatorida yana bir pog‘onaga yuqoriladi. Mahsulotimizga bo‘lgan xalqaro talab ortdi, eksport geografiyamiz kengayib, AQSh, Xitoy, Yaponiya, Kanada, Yevropa va Osiyoning qator rivojlangan davlatlariga yetkazib berilmoqda.

2025-yil xalqaro moliya bozorlariga integratsiyalashuvda ham muhim burilish yili bo‘ldi. Ilk bor korxonamiz London birjasida 300 million dollari miqdoridagi yevrobondlarni muvaffaqiyatli joylashtirdi. Standard & Poor’s Global Ratings agentligi tomonidan kredit reytingimiz prognozining “barqaror”dan “ijobiy”ga ko‘tarilishi esa jamoamizning shaffoflik, moliyaviy barqarorlik va samarali boshqaruv yo‘lidagi mehnatiga berilgan yuksak xalqaro bahodir.

Ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari ham bu yutuqlarning amaliy ifodasidir. Joriy yilda qariyb 14 trillion so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi, tabiiy uran ishlab chiqarish, geologiya-qidiruv ishlari, eksport va investitsiya ko‘rsatkichlari rejadan ortig‘i bilan bajarildi. Korxona mamlakatdagi eng yirik soliq to‘lovchilar qatorida TOP–3 o‘rinni egallab kelmoqda. Albatta, bu natijalarning zamirida “Navoiyuran”ning jamoasi turadi. Ishlab chiqarish maydonlarida, geologiya ekspeditsiyalarida, laboratoriyalar va sexlarda, boshqaruv tizimida sidqidildan mehnat qilayotgan har bir xodim — korxonamiz yutuqlarining haqiqiy muallifidir. Ishchi-xodimlar korxonamizning eng katta boyligi, ishonchi va tayanchidir.

Oldimizda yanada mas’uliyatli va ulkan vazifalar turibdi: uran ishlab chiqarish hajmlarini oshirish, yangi konlarni o‘zlashtirish, geologiya-qidiruv ishlari ko‘lamini kengaytirish, investitsiya va raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish. Ishonchim komilki, biz bu maqsadlarga ham birgalikda, yagona jamoa bo‘lib, albatta erishamiz.

Qadrli hamkasblar!

Kirib kelayotgan 2026-yil har biringiz uchun yangi imkoniyatlar, yangi kuch-g‘ayrat va yangi zafarlar yili bo‘lsin! Oilalaringizda xotirjamlik, xonadonlaringizda qut-baraka, hayotingizda ishonch va barqarorlik hamroh bo‘lsin.

Yangi yil muborak bo‘lsin, aziz hamkasblar!

Jonajon “Navoiyuran” korxonasi yanada ravnaq topaversin!

Sahifalar

Category

Skip to content