“NAVOIYURAN” DAVLAT KORXONASI YOSHLARIGA
Hurmatli yoshlar, aziz hamkasblar!
Sizlarni, korxonamizning eng faol, ilg‘or va intiluvchan qismini tashkil etayotgan, porloq kelajagimiz poydevorini yaratayotgan navqiron avlod vakillarini 30-iyun — Yoshlar kuni munosabati bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman!
Ushbu ayyom O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 34 yilligi arafasida nishonlanayotgani uning ma’naviy qadri va ma’nosini yanada yuksaltirmoqda. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan yurtimizda yoshlarga qaratilayotgan ulkan e’tibor va yaratilayotgan imkoniyatlar har bir vatanparvar, fidokor va bilimli yosh uchun katta mas’uliyat, beqiyos ishonch timsolidir.
Bugun “Yangi O‘zbekiston – Yangi avlod” tamoyili asosida yoshlar hayotining barcha jabhalarini qamrab olgan davlat dasturlari amalga oshirilmoqda. Ilm-fan, sanoat, raqamli texnologiyalar, ekologik barqarorlik, innovatsiya va tadbirkorlik — barchasida yoshlarimiz faol ishtirok etmoqda va bu jarayonda siz, aziz yoshlar, buyuk tarixni yangidan yozmoqdasizlar.
“Navoiyuran” davlat korxonasida ham yoshlarimizga bilim va malakasini oshirish, yangi texnologiyalarni o‘zlashtirish, ilmiy-amaliy tajribasini boyitish uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda. Yosh mutaxassislarimiz tomonidan ilgari surilayotgan innovatsion g‘oyalar, loyihalar va takliflar korxona rivojiga ulkan hissa qo‘shmoqda. Biz buni har kuni faxr va mamnuniyat bilan kuzatmoqdamiz.
Qadrli yoshlar!
Bugun sizlardan faqat bilimli bo‘lish emas, balki tashabbuskor, vatanparvar, mas’uliyatli bo‘lish talab etiladi. Sizlar nafaqat kelajagimiz, balki hozirgi kundagi islohotlarimizning faol ishtirokchilarisiz. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek: “Biz yoshlarimizni Yangi O‘zbekistonning hal qiluvchi kuchi, islohotlarimizning tayanchi deb bilamiz.”
Shu ma’noda, “Navoiyuran” davlat korxonasi oldida turgan strategik vazifalarni samarali bajarishda, zamonaviy ish uslubini hayotga tatbiq etishda sizlar, aziz yoshlar, asosiy harakatlashtiruvchi kuch sifatida ishtirok etishingiz zarur.
Biz sizning kuchingizga ishonamiz. Biz sizning g‘oyalaringizni qo‘llab-quvvatlaymiz. Biz siz bilan faxrlanamiz!
Yuksak intilishlar, kuchli irodangiz, yangilikka ochiqligingiz bilan jamiyatimiz ravnaqi, korxonamiz yuksalishi, Vatanimiz taraqqiyotiga o‘z hissangizni qo‘shishingizda omad yor bo‘lsin! Sizlarga mustahkam sog‘liq, yutuqlarga boy faoliyat, shaxsiy baxt-omad va porloq kelajak tilayman!
Yangi O‘zbekistonning bunyodkor yoshlari bo‘lishdek sharafli yo‘lda doim yelkadosh bo‘lamiz!
Hurmat bilan,
“Navoiyuran” davlat korxonasi Bosh direktori Djamal Fayzullayev