OAV xodimlari ishtirokida “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi
9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan “Navoiyuran” DK faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, korrupsiyaga qarshi kurashish borasida ishchi-xodimlarning huquqiy ongi va madaniyatini oshirish maqsadida turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar va uchrashuvlar tashkil etilmoqda.
Bugun, 9-dekabr kuni korxonada “O‘zbekiston 24” va Navoiy telekanallari, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi hamda “Pravda vostoka”, “Do‘stlik bayrog‘i”, “Konchilar hayoti” gazetalari va boshqa ommaviy axborot vositalari vakillari va jurnalistlar, korxona ishchi-xodimlari ishtirokida tashkil etilgan “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri ham ayni maqsadlarga qaratildi.
Dastlab tadbirda korxona komplayens xizmati boshlig‘i Alisher Mustafayev joriy yilning 11 oyi davomida korxona faoliyatida ochiqliqni ta’minlash, korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish va bartaraf etish, sohada zamonaviy korrupsiyaga qarshi kurashish tizimlarini joriy etish kabi masalalar bo‘yicha taqdimot orqali atroflicha tushuntirildi.
Ommaviy axborot vositalari vakillariga korxonada korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar mazmun-mohiyati, olib borilayotgan ishlar, korrupsiya uchun javobgarlik masalalari, uning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar hamda mazkur yo‘nalishdagi xorijiy tajribalar haqida ma’lumot berildi.
Tadbir yakunida OAV vakillari va jurnalistlar, korxona ishchi-xodimlarining savollariga batafsil javoblar berildi.








