Samarqandda uran konlarini qidirish va qazib olish boʻyicha xalqaro texnik yigʻilish davom etmoqda
Avval xabar berganimizdek, kecha, 13-oktyabr kuni Samarqand shahrida Atom energiyasi boʻyicha Xalqaro Agentlik (MAGATE) hamkorligida “Qumtoshli turdagi uran konlarini qidirish va qazib olish” masalalariga bagʻishlangan xalqaro texnik yigʻilish ish boshladi.
Yigʻilishda dunyoning 25 dan ziyod mamlakat vakillari, xalqaro ekspertlar, soha olimlari va mutaxassislari ishtirok etmoqda. Tadbir uran geologiyasi va qazib olinishida ekologik xavfsizlik, innovatsion texnologiyalarni joriy etish va ilmiy tajriba almashish masalalariga bagʻishlangan.
Tadbirda MAGATE Uran resurslarini ishlab chiqarish boʻyicha texnik rahbar Adrianne Xenki soʻzga chiqib, Oʻzbekiston bilan yoʻlga qoʻyilgan samarali hamkorlikni yuqori baholab, uran qazib olish sohasida ilmiy va texnologik salohiyatni rivojlantirishdagi muhim qadam sifatida taʼkidladi.
Yigʻilish doirasida uran qazib olishning zamonaviy texnologiyalari, qumtoshli turdagi konlarni oʻzlashtirishdagi ilgʻor xalqaro tajribalar va innovatsion yondashuvlar muhokama etildi.
Xususan, birinchi kun sessiya davomida mutaxassislar qumtosh turidagi konlarning umumiy tavsifi, qit’a miqyosida qumtosh havzalarini xaritalash, roll turidagi uran tizimlarida meteor suvlarining infiltratsiya jarayonlari haqidagi yangi ma’lumotlar, shuningdek, energetik o‘sish sharoitida minerallarga bo‘lgan ortib borayotgan talabni qondirish maqsadida uran qidiruv ishlarini takomillashtirish masalalari bo‘yicha fikr almashdilar.
Shu bilan birga, cho‘kma konlardan uranni eritma usulida iqtisodiy samarali qazib olish mezonlari, Taylandning shimoliy-sharqiy hududida Fu Vyang kon modeli asosida qumtosh turidagi uran konlarini aniqlash ishlari, Braziliya va Bangladeshdagi uran konlarining geologik xususiyatlari hamda resurs salohiyati haqida taqdimotlar bo‘lib o‘tdi.
Mazkur xalqaro tadbir bugun ham o‘z ishini davom ettirmoqda.








