Sulfat kislotasi ishlab chiqarish sexi 40 yoshda
Uchquduq tumanidagi tantanalar maskanida “Uchquduq” ishlab chiqarish maydoni Sulfat kislotasi ishlab chiqarish sexi tashkil topganligining 40 yilligi munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Shodiyonada “Navoiyuran” DK hamda ishlab chiqarish maydoni va sex rahbariyati, muhandis-texnik xodimlar, mehnat faxriylari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.
Tadbir avvalida korxona Bosh direktori Djamal Fayzullayevning sex mehnat jamoasiga yo‘llagan tabrigini korxona Bosh muhandisi Anvarjon Saparov o’qib eshittirdi.
Tabrikda ta’kidlanganidek, 1985-yil 20-oktabr kuni ishga tushirilgan mazkur sex bugungi kunda “Navoiyuran” davlat korxonasining strategik ahamiyatga ega bo‘lgan asosiy bo‘linmalaridan biri sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Uran mahsulotini ishlab chiqarish jarayonida eng muhim kimyoviy reagent sanalgan sulfat kislotasi bilan barqaror ta’minlashda sexning o‘rni beqiyosdir.
Sulfat kislotasi ishlab chiqarish sexi tashkil etilganining 40 yillik tantanasi — bu nafaqat sanoat tariximizdagi muhim sana, balki jamoamiz hayotidagi ulug‘ bayram, ibratli mehnat yo‘lining ramzidir.
Shundan so’ng, korxonadagi ko‘p yillik fidokorona mehnati, O‘zbekiston Respublikasining jahon standartlariga javob beradigan mahsulotlar ishlab chiqarilishiga qo‘shgan munosib hissasi hamda sana munosabati bilan sex ishchi-xodimlaridan 5 nafari “Korxona Faxriysi” unvoni, 6 nafari III darajali “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishoni, 18 nafari korxona bosh direktorining Faxriy yorliqlari va Tashakkurnomalari bilan taqdirlandi.
Shuningdek, 6-sonli Birlashgan kasaba uyushmasi Qo’mitasining esdalik sovg’alari topshirildi.
Bayram tadbiri davomida taklif etilgan mehmonlar ham sex jamoasini bayram bilan tabrikladi.
Tantana “Uchquduq” madaniyat saroyining ijodkorlari tomonidan tayyorlangan badiiy chiqishlar va kuy-qo‘shiq bilan davom etdi.








