Navoiyuran: uran sanoatidagi o‘sish va xalqaro hamkorlikning yangi bosqichlari
Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim ustunlaridan biri – mamlakatning mineral-xomashyo salohiyatini to‘g‘ri yo‘nalishda boshqarish, zamonaviy texnologiyalar asosida geologiya-qidiruv va qazib olish ishlarini samarali tashkil etish hamda ularni xalqaro standartlarga mos ravishda rivojlantirishdan iborat.
Shu jihatdan, “Navoiyuran” davlat korxonasi mamlakatimiz iqtisodiyotida strategik ahamiyat kasb etuvchi korxonalardan biri sifatida nafaqat milliy miqyosda, balki xalqaro maydonda ham o‘z nufuzini tobora mustahkamlab bormoqda. So‘nggi yillarda olib borilgan islohotlar, zamonaviy boshqaruv tizimlarini joriy etish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish natijasida korxona jadal taraqqiyot yo‘lidan bormoqda.
Ayniqsa, so‘nggi yillarda tizimli islohotlar va transformatsiya jarayonlari orqali o‘z faoliyatini yangi pog‘onaga ko‘tardi. 2025-yilning birinchi yarmi va 7 oylik natijalariga ko‘ra, korxona nafaqat ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini sezilarli oshirdi, balki xalqaro maydondagi obro‘yini ham mustahkamladi. Bu jarayonda loyiha ofisining tashkil etilishi, geologiya-qidiruv ishlarining jadallashuvi va ESG tamoyillarining joriy etilishi muhim o‘rin tutadi. Korxonaning har yillik o‘sish sur’atlari – masalan, uran zaxiralari o‘sishida 330% gacha va burg‘ilash hajmida 155,5% gacha – bu sanoatning barqaror rivojlanishining yaqqol isbotidir. Xalqaro hamkorlikning kengayishi esa, dunyoning yirik kompaniyalari bilan birgalikdagi loyihalar orqali, “Navoiyuran”ni global uran bozorida munosib o‘rin egallashga olib kelmoqda.
“Navoiyuran” DKning ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari 2025-yilda o‘tgan yillarga nisbatan sezilarli o‘sishni namoyish etmoqda. Korxonaning asosiy drayver nuqtasi – uran qazib olish va mineral xomashyo bazasini rivojlantirish bo‘lib, bu sohada amalga oshirilayotgan investitsion loyihalar o‘sishning asosiy harakatlantiruvchi kuchi hisoblanadi. Uran zaxiralari o‘sishi bo‘yicha yillik reja 8 500 tonna etib belgilangan bo‘lsa, amalda 15 708 tonnaga erishildi. Bu rejadan 184,8 % yuqori bo‘lib, 2024-yilga nisbatan ko‘rsatkich 3,3 barobar oshgan.
Bashoratli resurslarni baholash bo‘yicha ko‘rsatkich 12 500 tonnadan, joriy yarim yillikda 8 048 tonnaga erishilib, yil yakuniga qadar belgilangan ko‘rsatkich to‘liq bajarilishi kutilmoqda.
Burg‘ilash ishlari bo‘yicha jami hajm 1 301 948,4 p.m.ni tashkil etdi, bu yillik rejaga nisbatan 107,6 % bajarilish demakdir. Ayniqsa, Nurota, Zirabuloq va Bukantov geologiya-qidiruv ekspeditsiyalarida ish unumdorligi 130–150 %ga oshgani qayd etildi.
Korxonaga 33 dona yangi burg‘ilash uskunasi xarid qilish uchun 150 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltirilgani ham o‘sishning asosiy omili bo‘ldi, natijada uskuna soni 129,0% dan 152,0% gacha oshdi. Bu natijalar korxonaning ishlab chiqarish salohiyati barqaror o‘sish sur’atlarini namoyon etib, mamlakat mineral xom ashyo bazasini mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi.
Ishlab chiqarish jarayonlarining raqamlashtirilishi ham ko‘rsatkichlarning yaxshilanishiga hissa qo‘shmoqda. Masalan, “Uran qazib olishning axborot tahliliy boshqaruv” SCADA Dashboard Analytics tizimi va “Laboratoriya ma’lumotlarini avtomatlashgan boshqaruv” (lab.navoiyuran.uz) tizimlari ishga tushirilishi ishlab chiqarishni onlayn nazorat qilishni osonlashtirdi. Bu o‘z navbatida, ekologik toza usullarning qo‘llanishi va mahsulot tannarxining pastligini ta’minlab, korxonaning raqobatbardoshligini oshirmoqda. Har yillik o‘sish sur’atlari – burg‘ilashda 155,5% va unumdorlikda 106,7% dan 121,8% gacha – korxonaning ishlab chiqarish quvvatining muntazam rivojlanishini ko‘rsatadi.
“Navoiyuran” DKning erishilgan natijalari nafaqat ichki bozorda, balki xalqaro maydonda ham sezilarli o‘sishni namoyish etmoqda. Korxonaning transformatsiya jarayonlari 2024-2025 yillarda jadallashib, moliyaviy, korporativ va ekologik sohalarda muhim yutuqlarga erishildi. Masalan, 2024 yilda SRK Consulting kompaniyasi bilan hamkorlikda 17 ta muhim kon JORC standartlariga muvofiq baholandi, natijada uran zaxiralari 70,7 ming tonnaga baholandi. 2025-yilda esa II bosqichda 40 ta kon baholanib, mineral resurslar 115,6 ming tonna, ruda zaxiralari 63,4 ming tonnaga yetdi. Bu xalqaro standartlarga o‘tish korxonaning shaffofligi va ishonchliligini yanada oshirdi.
Korxona shuningdek, dunyo yadro yoqilg‘isi bozorida o‘z nufuzini mustahkamlab bormoqda. Korxona ilk marotaba Avstraliyaning Sidney shahrida o‘tkazilgan World Nuclear Fuel Market konferensiyasida taqdimot bilan ishtirok etdi va nufuzli xalqaro hamjamiyatda katta qiziqish uyg‘otdi.
Moliyaviy sohada erishilgan natijalar ham e’tirof etishga arziydi. Misol uchun, 2024-yilda Standard&Poor’s Global Ratings dan VV-/barqaror reytingi olindi, bu O‘zbekistonning boshqa yirik korxonalaridan yuqori ko‘rsatkich. 2025-yilda Fitch Ratings tomonidan IDR BB- va SACP BB- reytinglari berildi, shuningdek, Sustainable Fitch dan ESG reytingi 3 daraja (55 ball) qo‘lga kiritildi. Bu reytinglar korxonaga 300 mln dollarlik yevroobligatsiyalarni London fond birjasida 6,70% kupon stavkasi bilan joylashtirish imkonini berdi – bu O‘zbekiston korxonalari orasida eng past stavka hisoblanadi. Investorlar bilan o‘tkazilgan roadshow’lar (London, Abu-Dabi, Nyu-Yorkda 100 dan ortiq investor bilan uchrashuvlar) talabni 1,3 mlrd dollarga yetkazdi, bu talabdan 4,3 barobar yuqori.
Xalqaro hamkorlikda erishilgan natijalar ham sezilarli: Loyiha ofisi tashkil etilganidan buyon 50 dan ortiq mamlakatdan 100 ga yaqin kompaniya bilan aloqalar o‘rnatildi. Masalan, Avstraliyaning WNFM konferensiyasida ilk bor taqdimot qilinib, 30 dan ortiq hamkorlik aloqalari o‘rnatildi. Fransiya (Orano Mining), Yaponiya (JOGMEC), Xitoy (CNNC), Rossiya (Rosatom) va boshqalar bilan amaldagi loyihalar, shuningdek, Mo‘g‘uliston, Indoneziya, AQSh, Kanada kabi yangi maydonlardagi istiqbolli hamkorliklar korxonaning global obro‘yini oshirmoqda. 2025-yil oxiriga qadar Avstraliyaning Cauldron Energy bilan Yanrey Uranium Project bilan 4 ta qo‘shma investitsion loyihani boshlash rejalashtirilmoqda.
Korporativ boshqaruvda ham o‘zgarishlar yuz berdi: Kuzatuv kengashiga chet ellik mustaqil a’zolar va maslahatchilar jalb qilindi. 1C ERP tizimi joriy etilib, moliyaviy hisobotlar IFRS standartlariga o‘tkazildi, Deloitte tomonidan auditdan o‘tkazildi. Har yillik o‘sish – reytinglarda barqarorlik va investitsiyalarda 300 mln dollar – korxonaning xalqaro maydondagi obro‘yining ortib borayotganini tasdiqlaydi.
Geologiya-qidiruv ishlari “Navoiyuran” DK faoliyatining asosiy ustuni bo‘lib, 2025-yilda “Mineral xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta to‘ldirish” davlat dasturi doirasida 48 ta loyihaviy yo‘nalishda amalga oshirilmoqda. Yillik maqsad – uran zaxiralarini 8 500 tonnaga oshirish va bashoratli resurslarni 12 500 tonnaga baholash. Joriy yilning birinchi yarmida uran zaxiralari o‘sishi 15 708 tonnaga yetdi, bu rejadan 184,8% ortiq va 2024 yilga nisbatan 330% (3,3 barobar) o‘sish demakdir.
Burg‘ilash ishlarida “Uran va noyob metallar geologiyasi” ilmiy-ishlab chiqarish markazi (IIChM) 905 892,5 p.m. ga erishdi. 2025-yilda asosiy geologiya-qidiruv ishlari Markaziy Qizilqum konlari hududida olib borilmoqda. Shu bilan birga, Kuljuqtog‘, Tuvaktav, Madaniyat, Janubiy Ziyovuddin va Sahoba kabi istiqbolli maydonlarda faol ish olib borilmoqda.
Bundan tashqari, xalqaro hamkorlik doirasida yirik kompaniyalar bilan qator qo‘shma loyihalar yo‘lga qo‘yildi. Avstraliya, Yaponiya, Fransiya, Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston va boshqa davlatlar bilan uran qazib olish va qayta ishlash sohasida qo‘shma dasturlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilda Avstraliyaning Cauldron Energy kompaniyasi bilan yangi konni o‘zlashtirish bo‘yicha kelishuv imzolanishi kutilmoqda. Bu kelgusida mamlakat iqtisodiy salohiyatini kengaytirishga xizmat qiladi.
Korxona faoliyatida iqtisodiy samaradorlik bilan bir qatorda ijtimoiy mas’uliyat masalalariga ham alohida e’tibor qaratib kelmoqda. Xodimlar uchun xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish, mahalliy aholini ish bilan ta’minlash, ekologiyani muhofaza qilish va barqaror rivojlanish tamoyillariga amal qilish doimiy ustuvor vazifalar sifatida belgilangan.
“Navoiyuran” tomonidan barcha ishlab chiqarish maydonlarida mehnat xavfsizligi standartlari joriy qilingan, qator hududlarda ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish loyihalari amalga oshirilmoqda.
Xususan, ESG tamoyillarini joriy etish orqali ISO 9001, 14001, 45001, 27001, 50001 standartlari qo‘lga kiritildi, shuningdek, ISO 37001 va 37301 sertifikatlari olindi. PricewaterhouseCoopers bilan birgalikda 2022-2023 yillar uchun Barqarorlik hisoboti tayyorlandi, iqlim strategiyasi ishlab chiqildi. Korxonada gender tengligi ta’minlanib, Kuzatuv kengashiga ayol nomzodlar ro‘yxati shakllantirildi. “Yashil energiya” sertifikatlarini xarid qilish va Scope-3 chiqindilarini hisoblash ishlari atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan. Bu choralar korxonaning ijtimoiy mas’uliyatini oshirib, jamiyat va atrof-muhitga foyda keltiradi.
Xulosa qilib aytganda, ushbu natijalar “Navoiyuran” davlat korxonasining nafaqat milliy iqtisodiyotda, balki xalqaro maydonda ham strategik ahamiyatga ega yirik kompaniya sifatida mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi.
Biz o‘z oldimizga qo‘ygan maqsad – uran sanoatida mintaqaviy yetakchi, xalqaro maydonda ishonchli hamkorga aylanish yo‘lida qadam-baqadam borgan holda, barqaror rivojlanish strategiyasini amalga oshirishda davom etamiz.
“Navoiyuran” DK Bosh direktori
Djamal Fayzullayev





