“Navoiyuran” DK Bosh direktori Djamal Fayzullayevning 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bayram tabrigi
Hurmatli munis va mehribon opa-singillar!
Bahor nafasi kirib kelishi bilan qalblarimizni iliqlik, mehr va yangilanish tuyg‘usi qamrab oladi. 8-mart sanasining aynan shu fasl boshida nishonlanishi ham bejiz emas. Zero, bahor qanday tabiatni uyg‘otsa, ayol zotining mehri, sabri va donishmandligi jamiyatni yuksaltiradi, oilalarni mustahkamlaydi, qalblarga nur baxsh etadi.
Shu go‘zal ayyomda siz, aziz va muhtarama onalarimizni, opa-singillarimizni, jamoamiz safida sidqidildan mehnat qilayotgan barcha xotin-qizlarni Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Qadrli jamoamiz xotin-qizlari!
Yangi O‘zbekistonda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning qadr-qimmatini ulug‘lash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylangan. Bu ezgu maqsadlar korxonamiz faoliyatida ham o‘zining amaliy ifodasini topmoqda.
Bugungi kunda sizlar sanoat va konchilik kabi murakkab va mas’uliyatli sohalarda erkaklar bilan yelkama-yelka turib, fidokorona mehnat qilmoqdasiz. Ayniqsa, og‘ir ishlab chiqarish sharoitlarida, murakkab geologik va iqlimiy hududlarda olib borayotgan samarali faoliyatingiz yuksak e’tirofga loyiq. Sizlarning bilim va malakangiz, mas’uliyat va intizomingiz, ishga bo‘lgan sadoqatingiz “Navoiyuran” davlat korxonasining barqaror rivojlanishida muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Korxonamizning Barqaror rivojlanish maqsadlaridan biri — gender tenglikni ta’minlash va teng imkoniyatlar yaratishdir. Bugun 10 500 nafardan ortiq jamoamiz a’zolarining qariyb 1 000 nafarga yaqini xotin-qizlardan iborat ekani, ularning ishlab chiqarish, boshqaruv, texnik va ma’muriy yo‘nalishlardagi faol ishtiroki korxonamiz salohiyatini yanada mustahkamlab kelayotganini alohida ta’kidlamoqchiman.
Mahsulotimiz sifati, ishlab chiqarish jarayonlarining uzluksizligi, jamoamizdagi sog‘lom ma’naviy muhit va hamjihatlikda sizlarning o‘rningiz beqiyosdir. Sizlar nafaqat mas’uliyatli mutaxassis, balki jamoada mehr-oqibat va o‘zaro hurmat muhitini shakllantiruvchi kuch hamsiz.
2025-yil davomida korxonamizning 96 nafar ilg‘or xotin-qizlar “Shuhrat” medali, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, korxona rahbariyati hamda Navoiy viloyati hokimligining faxriy yorliq va tashakkurnomalari, shuningdek, “Konchilik shuhrati” unvoni bilan taqdirlangani barchamiz uchun faxr va g‘ururdir. Bu yutuqlar — sizlarning yuksak kasbiy mahoratingiz va fidoyiligingizning munosib e’tirofidir.
Hurmatli hamkasblar!
Ishonchim komilki, sizlar kelgusida ham yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanib, ishlab chiqarish barqarorligini ta’minlashda, oldimizga qo‘yilgan strategik vazifalarni sharaf bilan ado etishda faol va tashabbuskor bo‘lib qolasiz.
Yana bir bor sizlarni go‘zallik, nafosat va ezgulik bayrami bilan samimiy tabriklayman. Barchangizga mustahkam sog‘liq, uzoq umr, oilaviy totuvlik, baxt-saodat va farzandlaringiz kamolini tilayman. Bahor yangilanishi va quvonchi qalbingizni doimo yoritsin!
Ayyomingiz muborak bo‘lsin!