2025-yil - Atrof-muhitni asrash va "yashil iqtisodiyot" yili
X

Biz haqimizda

"Navoiyuran" davlat korxonasi 2022 yil yanvar oyida "Navoiy KMK"AJni isloh qilish natijasida tashkil etilgan.

Kontakt

  • Inspektorlar 7, 210100, O'zbekiston Respublikasi, Navoiy viloyati, Navoiy shahri
  • info@navoiyuran.uz
  • Ofis ish vaqti: Dushanba - Juma 08:00 - 17:00 Shanba-Yakshanba: Yopiq

Sulfat kislotasi ishlab chiqarish sexi — 40 yillik taraqqiyot sari

Mamlakatimiz sanoati va energetika salohiyatini yuksaltirishda “Navoiyuran” davlat korxonasining “Uchquduq” ishlab chiqarish maydoni muhim o‘rin tutadi. Mazkur bo‘linma tarkibidagi Sulfat kislotasi ishlab chiqarish sexi yurtimiz kimyo sanoatidagi ilk yirik inshootlardan biri sifatida 1985-yil 20-oktabr kuni ishga tushirilgan edi.

Sexning asosiy vazifasi — uran mahsulotini ishlab chiqarish jarayonida qo‘llaniladigan sulfat kislotasini mahalliy sharoitda tayyorlash hamda respublika sanoat tarmoqlarini ushbu muhim kimyoviy modda bilan ta’minlashdan iborat. Ishga tushirilgan paytda sexning ishlab chiqarish quvvati yiliga 500 ming tonnani tashkil etgan bo‘lib, bu quvvat hozirgacha barqaror saqlanib kelmoqda.

Barqaror ishlab chiqarish va yangilanish jarayoni

So‘nggi qirq yil mobaynida sexda jami 15 million 400 ming tonnadan ortiq sulfat kislotasi ishlab chiqarildi. Bu mahsulotlar “Navoiyuran” DKning geotexnologik konlari, “NKMK” aksiyadorlik jamiyatining gidrometallurgiya zavodlari hamda Navoiy viloyati sanoat zonasidagi kimyo-energetika korxonalariga yetkazib berib kelinmoqda.

2011-yildan boshlab sexdagi asosiy texnologik uskunalar va qurilmalar to‘liq rekonstruksiya qilindi. Bu ish natijasida ishlab chiqarish quvvati tiklandi, ish samaradorligi oshdi. 2014–2024 yillar davomida ishlab chiqarish rejalari 101–105 foiz darajada bajarildi.

Joriy 2025-yilda sexning 40 yillik yubileyi munosabati bilan ishlab chiqarish rejasi 107,8 foizga bajarilishi kutilmoqda. Bu — jamoa mas’uliyati va ishga sadoqatining amaliy ifodasidir.

Innovatsiyalar va mahalliylashtirish samarasi

So‘nggi yillarda sexda mahalliylashtirish dasturi hamda innovatsion loyihalar doirasida qator amaliy ishlar amalga oshirildi.

Xususan, quritish-absorbsiya bo‘limi uchun 900XNG-5-5-M11/25G-9-2 markali yangi sovutgichlar ishlab chiqarildi, qumoqli oltingugurt bo‘limi uchun zamonaviy eritish qurilmalari o‘rnatildi. Chiqindi bug‘larini qayta foydalanish orqali suv sarfini kamaytiruvchi kondensatorlar va ovozso‘ndirgichlar joriy etildi.

Bundan tashqari, chiqindi bug‘idan foydalangan holda binolarni isitish va issiq suv ta’minoti tizimi qurildi. Geotexnologik konlar ehtiyojlari uchun “Ekstruder” qurilmalari ishlab chiqarilib, polietilen quvurlari ishlab chiqarish faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Hozirda sexda texnik qayta jihozlash va avtomatlashtirish loyihalari izchil amalga oshirilmoqda. Texnik jarayonlarni avtomatik boshqarish tizimlari zamonaviy talablar asosida modernizatsiya qilinmoqda.

Ilmiy izlanishlar va yangi texnologik yechimlar

Sex mutaxassislari ishlab chiqarish chiqindilaridan qimmatli elementlarni qayta tiklash bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borishmoqda. Laboratoriya sharoitida ishlatilgan vanadiy katalizatoridan vanadiy pentoksidi olish texnologiyasi yaratildi. Bu yo‘nalish kelgusida ishlab chiqarishda xomashyodan tejamkor foydalanish va yangi mahsulot turlarini o‘zlashtirish imkonini beradi.

 Yutuqlar zaminida — mehnat fidoyilari

Sex faoliyatidagi barcha yutuqlar va yuqori ko‘rsatkichlar — fidoyi muhandislar, texnik xodimlar va ishchi jamoaning halol mehnati samarasidir. “Uchquduq” IChM rahbariyati, sex boshlig‘i va mutaxassislar jamoasi ahillik, sadoqat va kasbiy mahorat bilan ishlab, “Navoiyuran” davlat korxonasining barqaror rivojiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

Xulosa o‘rnida

40 yil — bu nafaqat sanoat natijalari, balki tajriba, jamoa birdamligi va ilmiy-texnik taraqqiyot tarixidir.
Sulfat kislotasi ishlab chiqarish sexi bugun ham yangi texnologiyalar va fidoyi mutaxassislar mehnati bilan yurtimiz sanoat qudratini mustahkamlab, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

Leave A Comment

All fields marked with an asterisk (*) are required

Sahifalar

Category

Skip to content