Transport va logistika jarayonlarida korrupsiyaning oldini olish: nazorat va shaffoflik tamoyillari
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan farmon va qarorlaridan kelib chiqib, “Navoiyuran” davlat korxonasida ham transport va logistika yo‘nalishida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Korxona faoliyatida shaffoflikni oshirish, nazoratni kuchaytirish va raqamlashtirish jarayonlarining bosqichma-bosqich joriy etilishi bugungi kun talablariga to‘la mos keladi.
Ayniqsa, transport tizimini raqamlashtirish va ATIL dasturi shaffoflik tamoyillariga mos keladi. Korxonada transport vositalari harakatini va texnik xizmat ko‘rsatish jarayonlarini to‘liq elektron kuzatib borish maqsadida an’anaviy qog‘oz shaklidagi yo‘l varaqalari o‘rniga QR-kodli elektron yo‘l varaqalari joriy etildi. Bu jarayon “ATIL” axborot dasturi orqali amalga oshirilmoqda. ATIL dasturi avtotransport vositalari uchun yagona elektron ma’lumotlar bazasi bo‘lib, texnik xizmat va ta’mirlash ishlarini to‘liq qayd etish, servis markazlari bilan elektron hujjat aylanmasi, texnik xizmat bo‘yicha avtomatik eslatmalar, ehtiyot qismlar harakati va sarfini tahlil qilish, hisobotlarni yuklab olish imkoniyatlariga ega.
Bundan bir qator natijalar kutilmoqda. Xususan, texnik xizmat va ta’mirlash ustidan qat’iy nazorat, hujjatlar almashinuvining to‘liq raqamlashtirilishi, boshqaruv qarorlarini tez va aniq qabul qilish, transport vositalari holati va xarajatlarining avtomatlashgan monitoringini yuritish.
Dastur bo‘yicha sinov ishlari Zafarobod maydonidagi Avtobazada hamda 2-sonli geotexnologik koni transport uchastkasida amalga oshirildi. 2025 yil yakuniga qadar tizim korxonaning barcha bo‘linmalariga to‘liq tatbiq etilishi rejalashtirilgan.
Yoqilg‘i sarfini optimallashtirish bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda. Texnikalar tomonidan yoqilg‘i mahsulotining maqsadsiz sarflanishining oldini olish maqsadida avtotransport vositalari, burg‘ilash uskunalari va boshqa texnikalarga zamonaviy “rasxodomer” moslamalari o‘rnatilmoqda. Bu nafaqat sarfni tejash, balki shaffoflikni ta’minlashga ham xizmat qiladi.
Bugun tarmoqqa autsorsing xizmatlari ham keng joriy etilmoqda. Korxona ehtiyojidan kelib chiqib, bir qator transport xizmatlari autsorsing asosida tashkil etildi. Jumladan, Navoiy-Zafarobod yo‘nalishi qatnovi bo‘yicha avtobuslar, yuk ko‘taruvchi kranlar, zirxli buldozerlar, maxsus yuk avtomobillari va boshqa texnikalar xususiy operatorlardan jalb etilmoqda. Bu tadbir transport xizmati sifatini oshirish va xarajatlarni optimallashtirishga xizmat qilmoqda.
Transport xo‘jaliklarini takomillashtirish ham o‘zining samarasini bermoqda. Korxonada transport sohasida yuzaga kelayotgan muammolarni o‘z vaqtida hal etish maqsadida ishchi guruh tomonidan faoliyat tahlili o‘tkazildi. Tovar va xizmatlar harakatini tezkor nazorat qilish, xodimlar vakolatlarini aniq belgilash va tashkiliy tuzilmani optimallashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqildi.
Ushbu takliflar asosida “Zafarobod” KBdagi muhandis shtatlari qayta taqsimlanib, Avtobazaga muhandis-analitik shtat birligi kiritildi. Mazkur mutaxassis avtotransport vositalari ta’mirlash statistikasini elektron yuritish uchun mas’ul etib belgilandi.
Avtoparkni yangilash va infratuzilmani rivojlantirish borasida ham ishlar olib borilmoqda. Joriy yilda korxona avtoparki 310 ta zamonaviy texnika bilan boyitildi. Ularning 240 tasi — MAN, ISUZU, BYD, UZXCMG va KRANTAS kabi brendlarning yo‘l-qurilish va kon texnikasi, yuk va yo‘lovchi tashish vositalari, burg‘ilash uskunalari hisoblanadi. 70 ta texnika esa sulfat va nitrat kislotasi tashishga mo‘ljallangan maxsus vagonlardir.
Bu yangilanishlar ish samaradorligini oshirdi, yoqilg‘i sarfini qisqartirishga xizmat qildi, kimyoviy reagentlarni yetkazib berish hajmini 135 foizga oshirishga imkon berdi.
Shuningdek, korxonada 100 km texnologik yo‘llar qurildi, 80 km ichki yo‘llar ta’mirlandi. Bu kon texnikalarining harakat xavfsizligini va ish unumdorligini sezilarli darajada yaxshiladi.
Transport xodimlarining mas’uliyatli faoliyat yuritishiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Bugungi kunda korxona tarkibidagi 1 ta avtobaza va 11 ta avtotransport uchastkasida 1700 ga yaqin xodim mehnat qilmoqda. Ular 2000 ga yaqin avtotransport vositalarini boshqarib, korxona faoliyatining uzluksiz va samarali tashkil etilishiga katta hissa qo‘shmoqda.
Yozgi mavsumda bolalarni sog‘lomlashtirish oromgohlariga xavfsiz tashishni ta’minlashda ham transport jamoasining fidoyiligi alohida ta’kidlashga arziydi. Bu nafaqat professionallik, balki ijtimoiy mas’uliyatning ham yorqin namunasidir.
Xulosa qilib aytganda, “Navoiyuran” davlat korxonasida transport va logistika jarayonlarini raqamlashtirish, shaffoflikni ta’minlash, yoqilg‘i va ehtiyot qismlar sarfini qat’iy nazorat qilish, texnik xizmat va ta’mirlash jarayonlarini elektron tartibda yuritish kabi islohotlar faqat samaradorlikni oshirish uchun emas — balki korrupsiyaga qarshi qat’iy mexanizmlarni shakllantirishga ham xizmat qilmoqda.
ATIL dasturini joriy etish, autsorsing jarayonlarining ochiq tartibda amalga oshirilishi, statistika va hisobotlarni avtomatlashtirish, hujjat aylanmasining raqamlashtirilishi orqali korrupsiyaning vujudga kelishiga sabab bo‘ladigan inson omili keskin qisqartirilmoqda.
Korxonada amalga oshirilayotgan modernizatsiya ishlari, avtoparkni yangilash, yo‘l infratuzilmasini yaxshilash va xodimlar mas’uliyatini oshirish bo‘yicha qadamlar ham shaffof, xavfsiz va mas’uliyatli transport tizimini barpo etishga xizmat qiladi.
Shu bilan “Navoiyuran” DKda korrupsiyaga qarshi kurashish nafaqat huquqiy talab, balki korporativ madaniyatning ustuvor qoidasiga aylanib bormoqda. Bu yo‘nalishdagi izchil islohotlar korxona rivoji, ishonchli logistika va barqaror ishlab chiqarish jarayonining mustahkam kafolatidir.
Sherzod Ilbayev, Transport va logistika departamenti transport bo‘lim boshlig‘i