Korrupsiyaga qarshi boshqaruv madaniyati – uran sanoati barqarorligi kafolati
Jahon iqtisodiyotining barqaror taraqqiyoti va milliy xavfsizlikning ta’minlanishida korrupsiyaga qarshi kurashish eng dolzarb masalalardan biri bo‘lib qolmoqda. Xususan, strategik ahamiyatga ega bo‘lgan uran sanoati sohasida korrupsiyaga qarshi samarali boshqaruv madaniyatini shakllantirish nafaqat milliy manfaatlarni himoya qilish, balki soha barqarorligi va xalqaro hamkorlikning kafolati hisoblanadi.
Korrupsiyaning har qanday ko‘rinishi iqtisodiy yo‘qotishlar, moliyaviy shaffoflikning buzilishi va investitsiya muhitining yomonlashishiga olib keladi. Uran sanoatida esa bu tahdid yanada xavfli – resurslarni noqonuniy taqsimlanishi, qidiruv va ishlab chiqarish jarayonlarida manfaatdorlikning ustun qo‘yilishi hamda davlat xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu bois, korrupsiyaga qarshi qat’iy siyosat va toza boshqaruv madaniyati soha barqarorligida hal qiluvchi omil hisoblanadi.
Bugungi kunda rivojlangan mamlakatlarda uran sanoatini boshqarishda shaffoflik va mas’uliyatning yuqori standartlari joriy etilgan. Masalan, xalqaro yadro xavfsizlik tashkilotlari tomonidan ishlab chiqilgan standartlar va “Compliance” dasturlari korrupsiyaning oldini olishda muhim mexanizm hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahnamoligida barcha sohalar qatorida uran sanoatida ham shaffoflik va korrupsiyaga qarshi tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda. Uran sanoatida korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish, ichki nazorat organlarini kuchaytirish va xodimlarning huquqiy ongini oshirish borasida aniq choralar ko‘rilmoqda. Shu jarayonda “Navoiyuran” davlat korxonasi muhim vazifalarni bajarmoqda. Korxona faoliyatida quyidagi yo‘nalishlar ustuvor hisoblanadi:
- Institutsional asoslarni mustahkamlash – qarorlar va shartnomalarni ochiqlik hamda qonun ustuvorligi asosida qabul qilish;
- Ichki nazorat tizimini kuchaytirish – hisobdorlik, moliyaviy shaffoflik va samarali auditorlik jarayonlarini ta’minlash;
- Raqamli texnologiyalarni joriy etish – ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish va elektron monitoring orqali inson omilini minimallashtirish;
- Kadrlar siyosatini isloh qilish – xodimlar ongida halollik, kasbiy etika va mas’uliyat tamoyillarini shakllantirish.
Uran sanoatida faoliyat yurituvchi har bir tashkilot xalqaro yader xavfsizlik va shaffoflik standartlariga qat’iy amal qilishi talab etiladi. “Navoiyuran” davlat korxonasi ham xalqaro korporativ boshqaruv mezonlariga muvofiq ish olib bormoqda, xorijiy investorlar bilan hamkorlikda ochiq va ishonchli hamkorlik muhitini ta’minlamoqda.
Korrupsiyaga qarshi boshqaruv madaniyatini yuksak darajada yo‘lga qo‘yish – bu faqat huquqiy chora-tadbirlar emas, balki ma’naviy va axloqiy qadriyatlarga asoslangan tizimdir. “Navoiyuran” davlat korxonasida korrupsiyaga murosasiz munosabat, ochiqlik va hisobdorlik tamoyillari ustuvor qilib belgilangan. Taraqqiyot yo‘lida korrupsiyaga murosasiz munosabat, adolat va shaffoflikka tayangan boshqaruv madaniyati uran sanoatining barqarorligi va xalqaro nufuzini ta’minlaydi. Bu esa uran sanoatining barqarorligi, ishlab chiqarish samaradorligi va mamlakatimiz nufuzini xalqaro maydonda yanada oshirishga xizmat qiladi.
Korrupsiyaga qarshi boshqaruv madaniyatini chuqur singdirish va uni barqaror tizim sifatida joriy etish – uran sanoatidagi asosiy strategik vazifadir. “Navoiyuran” davlat korxonasi bu borada amalga oshirayotgan ishlar nafaqat sohada, balki mamlakatimiz iqtisodiyotida ham barqarorlik va taraqqiyotning mustahkam kafolati bo‘lib xizmat qilmoqda.
“Navoiyuran” DK UIChZ direktori v.b U.X.Xudayberdiyev