2025-yil - Atrof-muhitni asrash va "yashil iqtisodiyot" yili
X

Biz haqimizda

"Navoiyuran" davlat korxonasi 2022 yil yanvar oyida "Navoiy KMK"AJni isloh qilish natijasida tashkil etilgan.

Kontakt

  • Inspektorlar 7, 210100, O'zbekiston Respublikasi, Navoiy viloyati, Navoiy shahri
  • info@navoiyuran.uz
  • Ofis ish vaqti: Dushanba - Juma 08:00 - 17:00 Shanba-Yakshanba: Yopiq

Yozgi oromgohlarda sog‘lomlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar

Bugungi brifingda “Navoiyuran” davlat korxonasi 6-Birlashgan kasaba uyushmasi Qo‘mitasi raisi Davrbek Temirov korxona ishchi-xodimlarining farzandlarini yozgi dam olish oromgohlarida sog‘lomlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar xususida ma’lumot berdi.

“Navoiyuran” davlat korxonasi ishchi-xodimlari farzandlarining yozgi dam olish va sog‘lomlashtirish ishlarini samarali tashkil etishga bag‘ishlanadi. Bu muhim tashabbus korxonada amalda bo‘lgan jamoa shartnomasi asosida amalga oshirilayotgan bo‘lib, joriy 2025 yilgi yozgi mavsumda bolalarning faol va mazmunli dam olishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilmoqda.

Yozgi sog‘lomlashtirish tadbirlari doirasida jami 10 ta bolalar oromgohi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Ulardan 7 tasi shahar tashqarisida, 2 tasi shahar ichida joylashgan bo‘lsa, 1 tasi mehnat oromgohi sifatida faoliyat yuritadi. Bu orqali farzandlarimizning tabiat qo‘ynida, sog‘lom muhitda dam olishi ta’minlanadi.

Ayni paytda korxonada faoliyat yuritayotgan ishchi-xodimlar soni 9600 nafardan ortiqni tashkil etsa, ularning 7–15 yoshdagi bolalari soni 5500 nafardan oshgan. 2025 yilgi yozgi mavsumda 1900 nafarga yaqin bolaning oromgohlarda dam olishi rejalashtirilgan. Shundan 1200 nafarga yaqini “NKMK Jamg‘armasi” davlat muassasasi tasarrufidagi oromgohlarda sog‘lomlashtiriladi.

Bundan tashqari, bolalarni kengroq qamrab olish maqsadida Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi Qoronko‘l qishlog‘ida joylashgan, Kasaba uyushmalari Federatsiyasiga qarashli “Geolog” oromgohi bilan ham shartnoma tuzildi. Mazkur oromgohda 700 nafar bolajonning dam olishi yo‘lga qo‘yiladi. Bu esa bolalarimiz uchun yanada ko‘proq imkoniyatlar eshigini ochadi.

Joriy yilda yozgi mavsumga alohida e’tibor va mas’uliyat bilan tayyorgarlik ko‘rildi. Barcha oromgohlarda joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirildi, yangi inventarlar bilan jihozlash ishlari to‘liq yakunlandi.

Bolalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, intellektual salohiyatlarini rivojlantirish maqsadida turli to‘garaklar tashkil etildi. Zarur o‘quv qurollari va sport anjomlari xarid qilindi.

Pedagogik jamoa tarkibi malakali va faol yoshlar — oliygohlarda tahsil olayotgan, yetarli tajribaga ega yosh mutaxassislardan shakllantirildi. Barcha tayyorgarlik jarayonlari kasaba uyushmasi tomonidan nazorat qilindi va ularning bevosita ishtirokida amalga oshirildi.

Bolalarni oromgohlarga xavfsiz yetkazib qo‘yish va qaytarish ishlari korxona transport xizmati tomonidan, yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari hamda maxsus texnika jalb etilgan holda tashkil etildi. Shu bilan birga, bolajonlarimiz sanitariya-epidemiologiya xizmati tavsiyalari asosida vitamin va minerallarga boy, to‘g‘ri shakllangan ratsion asosida ovqatlantirilmoqda.

5 iyun kuni yozgi mavsumning 1-mavsumiga rasman start berildi. 4 kun davomida 440 nafar bola belgilangan oromgohlarga yetkazib qo‘yildi. Hozirda ular o‘z tengdoshlari bilan do‘stona muhitda, mazmunli va quvonchli tarzda dam olmoqdalar.

Xulosa qilib aytganda, “Navoiyuran” davlat korxonasi tomonidan farzandlarimizning sog‘lom, baxtli va bilimli bo‘lib ulg‘ayishlari uchun amalga oshirilayotgan ushbu chora-tadbirlar nafaqat ularning yozgi ta’til davomida mazmunli dam olishiga, balki umumiy ijtimoiy barqarorlik va kelajak uchun sog‘lom avlodni shakllantirishga ham xizmat qiladi.

Bolalarimiz — yurtimiz ertasi, yuksak maqsadlarimiz egalari! Shu bois, ularning har tomonlama sog‘lom va barkamol bo‘lib ulg‘ayishlari uchun amalga oshirilayotgan bunday ishlarni biz har tomonlama qo‘llab-quvvatlashimiz lozim.

Sahifalar

Category

Skip to content