Yashil iqtisodiyot va global moliya: “Navoiyuran” davlat korxonasi tajribasi taqdim etildi
“O‘zbekistonning yashil o‘tishi: global moliyalashtirishga kirish, davlat korxonalari tajribasi va xususiy biznes uchun implikatsiyalar” konferensiyasida “Navoiyuran” davlat korxonasi ishtirok etdi.
Tadbir doirasida 2025-yilda qabul qilingan yangi iqlim qonunlari hamda yirik davlat korxonalarining kapital bozorlaridan samarali foydalanish tajribalari muhokama qilindi. Shuningdek, korporativ yashil obligatsiyalar va ixtiyoriy uglerod bozorlari kabi barqaror moliyalashtirishning yangi vositalari taqdim etildi.
Panel sessiyalari doirasida “Navoiyuran” DK bosh yuriskonsulti Mushtariy Madraximova ishtirok etib, korxonaning so‘nggi ikki yildagi global moliyaviy bozorlarga chiqish tajribasi haqida batafsil ma’lumot berdi.
Xususan, u 2023–2024 yillar davomida amalga oshirilgan keng ko‘lamli transformatsiya jarayonlari, jumladan, korporativ boshqaruvni xalqaro standartlarga moslashtirish, ESG (Environmental, Social, Governance) standartlarini joriy etish, IFRS (International Financial Reporting Standards) — Xalqaro moliyaviy hisobot standartlariga to‘liq o‘tish, mustaqil xalqaro reyting agentliklari orqali kredit reytinglarini olish va 2025-yilda amalga oshirilgan London fond birjasiga yevroobligatsiya chiqarilishi to‘g‘risida ma’lumot berib, kelgusida korxonaning IPO (birlamchi ommaviy aksiyalar joylashtirish) uchun tayyorgarligi haqida ham to‘xtalib o‘tdi.
Tadbir ishtirokchilari korxonaning so‘nggi yillardagi transformatsiya misolida davlat korxonalarining qanday qilib global moliyaviy tizimga muvaffaqiyatli integratsiyalashishi mumkinligi hamda bu jarayonda xalqaro huquq, moliya va ekologik standartlarning qanday hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanligini yana bir bor angladilar.
“Navoiyuran”ning tajribasi nafaqat davlat sektori uchun, balki xususiy kompaniyalar uchun ham ilg‘or namuna sifatida qabul qilindi.








