“Navoiyuran” mutaxassislari Iordaniyada uran konlarini o‘zlashtirish istiqbollarini muhokama qildi
Joriy yilning 17–21-sentyabr kunlari “Navoiyuran” DK mutaxassislari Iordaniya Hoshimiylar Podshohligining Amman shahrida bo‘lib, qo‘shma uran konlarini kelgusida birgalikda o‘zlashtirish istiqbollarini o‘rganishga bag‘ishlangan xizmat safarida bo‘lishdi.
Safar davomida O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, Iordaniyaning National Arab Mining Company (NAMC), Jordan Uranium Mining Company (JUMCO) hamda “Navoiyuran” DK rahbariyati vakillari o‘rtasida bir qator uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Unda tabiiy uranni o‘zlashtirishga yo‘naltirilgan hamkorlikni chuqurlashtirish, shuningdek konchilik va foydali qazilmalar sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar davomida Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, “Navoiyuran” DK, Uzbek Geology Overseas hamda JUMCO mutaxassislaridan iborat qo‘shma ishchi guruh tuzildi. Mazkur guruh Iordaniya janubidagi Wadi Al-Baxiya, Sahb Al-Abyad, Bayer, Mafraq, Qasr Al-Katraneh (Katrana), Al-Risha, Eshidiya va Al-Harrana kabi maydonlarda uran qazib olish salohiyatini o‘rganishga kelishib oldi.
Shuningdek, “Navoiyuran” DK Geologiya va qidiruv bo‘yicha boshqaruvchi direktori Sherali Jurayevning rahbarligidagi mutaxassislar JUMCO bosh ofisiga, uran qayta ishlash zavodiga hamda mamlakatning markaziy qismida joylashgan uran konlariga tashrif buyurdi. Ular yerning turli qatlamlarida tegishli qurilmalar bilan uran mineralizatsiyasi darajasini hamda korxonaning texnik, texnologik va moliyaviy hisobotlari va istiqbolli maydonlarga oid materiallar bilan bevosita tanishdi.
Muzokaralar yakunida JUMCO hamda “Navoiyuran” DK o‘rtasida qisqa muddatda anglashuv memorandumi imzolash va geologiya-qidiruv ishlarini faollashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.









