“Navoiyuran” davlat korxonasi ESG maqsadlari sari intilmoqda
Ma’lumki, joriy yilning aprel oyida korxona xalqaro “Sustainable Fitch” reyting agentligidan 3-darajali ESG reytingi, 55 ball natijani qo‘lga kiritgan edi. Ushbu ko‘rsatkichni bosqichma-bosqich yaxshilab borish korxonaning asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri sanaladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-16-son Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston–2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi” ijrosini ta’minlash, respublikamizda yashil iqtisodiyot tamoyillarini keng joriy qilishni qo‘llab-quvvatlash, ESG reytingi darajasini saqlab turish va tabiiy uran qazib olishda qoldirilayotgan uglerod izini kamaytirish maqsadida “Navoiyuran” davlat korxonasi 250 000 dona xalqaro qayta tiklanuvchi energiya sertifikatlari — I-REC(E)ni xarid qildi.
Mazkur xarid orqali korxona 2024-yildagi umumiy 589 175 tonna CO₂-ekvivalent chiqindilarni 30 foizga kamaytirishni rejalashtirmoqda.
Shu munosabat bilan, joriy yilning 26-sentabr sanasida “yashil energiya” sertifikatlari xarid qilinganini tasdiqlovchi guvohnomani topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Bu xarid O‘zbekistonda “yashil energiya” sertifikatlarining eng yirik hajmda xarid qilinishi bo‘lib, “Navoiyuran” davlat korxonasining 2024-yilda iste’mol qilgan elektr energiyasining bir qismi qayta tiklanuvchi manbalardan olinganini xalqaro darajada hujjatlashtiradi.
“Navoiyuran” DK tomonidan mazkur “yashil energiya” sertifikatlarining xarid qilinishi korxonaning ekologik barqarorlikka sodiqligini va iqlim o‘zgarishiga qarshi global kurashga o‘z hissasini qo‘shayotganini namoyon etadi hamda xalqaro bozorlardagi obro‘sini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Izoh: I-REC(E) — xalqaro darajada tan olingan vosita bo‘lib, elektr energiyasining qayta tiklanuvchi manbalardan olinganini hujjatlashtiradi va korxonalarga iste’mol qilingan energiya tarkibidagi “yashil energiya” ulushini rasmiy ravishda tasdiqlash imkonini beradi.


