Yo‘l harakati xavfsizligi – barchamiz uchun mas’uliyat!
Bugun, 7-noyabr kuni “Navoiyuran” DKda Navoiy viloyati IIB Jamoat xavfsizligi xizmati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi (YHXB) bilan hamkorlikda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash va profilaktika choralarini kuchaytirishga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.
Tadbirda viloyat IIB JXX YHXB boshlig‘i Xurshid Rahmatov, korxonaning boshqarma va bo‘linma rahbarlari, jumladan Avtobaza hamda Uran ishlab chiqarish zavodi muhandis-texnik xodimlari va haydovchilar ishtirok etdi.
Mutaxassislar tomonidan joriy yilning 10 oyi davomida mamlakatimiz va Navoiy viloyatida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisalari, ularning sabablari hamda og‘ir oqibatlari haqida tahliliy ma’lumotlar taqdim etildi.
Shuningdek, yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish madaniyatini oshirish, e’tiborsizlik va shoshmashosharlikning oqibatlari hamda qonunchilikda bo‘layotgan yangilanish va o‘zgarishlar haqida videoroliklar namoyish etildi.
Tadbir davomida xodimlarga har bir haydovchi va piyoda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashda shaxsiy mas’uliyatni chuqur his etishi, bu masalaga bee’tiborlik inson hayoti uchun xavf tug‘dirishi eslatib o‘tildi.
Mazkur uchrashuvlar “Navoiyuran” DKning barcha tarkibiy bo‘linmalarida ham bosqichma-bosqich o‘tkazilishi rejalashtirilgan.








