Yoshlar ovozi – rahbarlar e’tiborida
Iyun oyi mamlakatimizda an’anaviy tarzda “Yoshlar oyligi” sifatida keng nishonlanib kelinadi. Ushbu oy doirasida turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, uchrashuvlar va sport musobaqalari tashkil etiladi.
“Navoiyuran” davlat korxonasida ham mazkur oylikka bag‘ishlangan aniq va maqsadli dastur asosida ishlar olib borilmoqda.
Jumladan, bugun, 17-iyun kuni “Zafarobod” kon boshqarmasi tashabbusi bilan yoshlar bilan ochiq muloqot — “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” tashkil etildi. Tadbirda boshqarmaga qarashli geotexnologik konlar, sex va uchastkalarda mehnat qilayotgan 50 nafardan ortiq yosh mutaxassislar ishtirok etdi.

Uchrashuvda asosiy e’tibor yoshlarning fikr va takliflarini eshitish, ularni o‘ylantirayotgan masalalarga yechim topishga qaratildi. Korxona rahbariyati yoshlar bilan ochiq va samimiy muloqot olib borib, ularni qo‘llab-quvvatlash, kasbiy o‘sishida yordam berish, kelajakda rahbarlik salohiyatiga ega kadrlar sifatida tarbiyalashni ustuvor vazifa sifatida belgilaganini yana bir bor ta’kidladi.

Yoshlar esa o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar va rahbarlardan to‘liq va asosli javoblar olishdi. Samimiy muloqot ruhida o‘tgan uchrashuvda fikrlar almashildi, yechimlar belgilab olindi.
Bunday uchrashuvlar yosh avlodni ilhomlantirib, ularning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlaydi.