Zafarobodda bunyodkorlik ishlari davom etmoqda
“Navoiyuran” davlat korxonasi tomonidan Konimex tumani Zafarobod shaharchasida aholining farovon hayot kechirishiga xizmat qiluvchi, zamonaviy talablarga javob beruvchi ijtimoiy infratuzilma ob’ektlarini barpo etish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Korxona rahbariyati tashabbusi va Konimex tumani hokimligi bilan hamkorlikda shaharchada keng ko‘lamli qurilish va obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.
Mazkur jarayonlarning borishi bilan yaqindan tanishish maqsadida “Navoiyuran” DK Bosh direktori Djamal Fayzullayev, Konimex tumani hokimi Ruslan Ro‘ziyev, Navoiy ixtisoslashtirilgan prokuraturasi prokurori Nurbek Tilavov hamda tegishli soha mutasaddilari Zafarobodda bo’lishdi.
Hozirda shaharchada bir qator muhim ob’ektlar, jumladan, amfiteatr, kutubxona binosi, musiqali favvora yangidan barpo etilmoqda. Shuningdek, “Zafarobod” sun’iy ko‘li hududida keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari izchil davom etmoqda.
Bundan tashqari, 31 ta ko‘p qavatli uylardagi 168 ta kirish yo‘laklari to‘liq ta’mirlandi. 120 ta zamonaviy, kodli temir eshiklar o‘rnatildi va qo‘riqlash xizmatiga ulanadigan “tashvish tugmalari” bilan jihozlandi.
Tashrif davomida rahbarlar mahalliy aholi bilan muloqot o‘tkazib, ularning muammolari va takliflarini eshitishdi. Mavjud masalalarni hal qilish bo‘yicha tegishli mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.









