Zafarobodda keng qamrovli bayram sayli
Yangilanish, yasharish va ezgulik timsoli bo‘lgan Navro‘z bayrami “Navoiyuran” davlat korxonasining asosiy bo‘linmalaridan biri joylashgan Zafarobod qo‘rg‘onida ham katta bayram sayli sifatida nishonlandi.
An’anaga muvofiq, bu yil ham bayram tadbirlari korxonaning ko‘p ming sonli jamoasi va mahalliy aholi ishtirokida ommaviy sayil ko‘rinishida tashkil etildi. “Navro‘zni ulug‘lash – insonni ulug‘lashdir!” shiori ostida o‘tkazilgan tadbirlarda “Zafarobod” kon boshqarmasi 1-, 2-, 3-geotexnologik konlari, Uran geologiyasi markazi, Avtobaza hamda “NKMK Jamg‘armasi” DMning hududiy bo‘linmasi faol ishtirok etdi.
Bayram doirasida milliy hunarmandchilik va pazandachilik ko‘rgazmalari, yarmarkalar, gala-konsertlar, dorbozlar chiqishlari va milliy sport o‘yinlari tashkil etildi. Shu bilan birga, korxona bo‘linmalari o‘rtasida turli tanlovlar o‘tkazilib, eng faol va tashabbuskor jamoalar rag‘batlantirildi.
Bayram maydoni milliy naqshlar, gullar va so‘zanalar bilan bezatilib, haqiqiy Navro‘z muhiti yaratildi. Dasturxonlardan halisa, sumalak, ko‘k somsa, shirmoy kulchalar kabi milliy taomlar o‘rin oldi.
Ayniqsa, milliy qadriyatlarimizni namoyon etuvchi kelinsalom, beshik soldi, betochar, lachak bog‘lash kabi marosimlar bayramga o‘ziga xos mazmun bag‘ishladi.
Bir vaqtning o‘zida turli hududlarda dorbozlar o‘yinlari, xalq o‘yinlari va konsert dasturlarining namoyish etilishi tadbirni haqiqiy umumxalq sayliga aylantirdi.
Tadbir doirasida keksalar duo qilib, yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi va yoshlar kelajagi uchun ezgu tilaklar bildirdilar.
Yakunda “Eng yaxshi bayram saylini tashkil etgan bo‘linma” tanlovi g‘oliblari aniqlanib, korxona rahbariyati va kasaba uyushmasi tomonidan diplomlar hamda Toshkent, Buxoro, Shahrisabz va Zomin shaharlariga sayohat sertifikatlari topshirildi.
Bayram tadbiri “Yoshlik” madaniyat saroyi ijodiy jamoalari, folklor-etnografik ansambllar hamda estrada xonandasi Hulkar Abdullaevaning gala-konserti bilan yakunlandi.















