2025-yil - Atrof-muhitni asrash va "yashil" iqtisodiyot yili
X

Biz haqimizda

"Navoiyuran" davlat korxonasi 2022 yil yanvar oyida "Navoiy KMK"AJni isloh qilish natijasida tashkil etilgan.

Kontakt

  • Inspektorlar 7, 210100, O'zbekiston Respublikasi, Navoiy viloyati, Navoiy shahri
  • info@navoiyuran.uz
  • Ofis ish vaqti: Dushanba - Juma 08:00 - 17:00 Shanba-Yakshanba: Yopiq

Uran zaxiralarini hozirlash: natijalar va istiqbollar

Bugungi globallashuv sharoitida energiya manbalariga bo‘lgan ehtiyoj kun sayin oshib bormoqda. “Yashil energiya” konsepsiyasi doirasida uran, atom energiyasini ishlab chiqarishda muhim element sifatida e’tiborni tortadi. Uning yuqori samaradorligi, ekologik tozaligi va iqtisodiy jihatlari ushbu resursning kelajakdagi ahamiyatini belgilab beradi.

Uran zaxiralarini tayyorlash va qazib olish jarayonlarida geologiya qidiruv bosqichida aniqlangan ma’lumotlar asosiy ahamiyatga ega bo‘lib, bu bosqichda zaxiralarni aniqlash, ularni baholash hamda kondan samarali foydalanish bo‘yicha barcha zaruriy ma’lumotlar to‘planadi.

O‘zbekiston uran qazib olish va zaxiralarni rivojlantirish borasida katta tajribaga ega. Sohadagi ishlarning asosiy qismi 70 yildan ortiq vaqt davomida “Urankamyobmetgeologiya” AJ tomonidan amalga oshirildi. Ushbu korxona hozirgi kunda “Uran va noyob metallar geologiyasi” ilmiy-ishlab chiqarish markazi sifatida faoliyat yuritmoqda.

Uran resurslari bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-iyuldagi “2022-2030 yillarda “Navoiyuran” davlat korxonasida uranni qazib olish, qayta ishlash hajmlarini oshirish hamda uni transformatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi PQ-319-sonli qarori asosida yanada kengaydi. Bu qaror “Navoiyuran” davlat korxonasini to‘laqonli integratsiyalangan tizimga aylantirdi va uran qidirishdan tortib, uni qayta ishlashgacha bo‘lgan barcha bosqichlarni o‘z ichiga oldi.

Geologiya-qidiruv ishlarini modernizatsiya qilish va raqamlashtirish sohada yangi imkoniyatlarni ochdi. Ushbu jarayonlar samaradorlikni oshirib, uran qazib olish sohasidagi natijalarni yuqori pog‘onaga ko‘tardi.

Bugun “Uran va noyob metallar geologiyasi” ilmiy-ishlab chiqarish markazi tarkibida respublikaning shimoliy, markaziy va janubiy qismlarida alohida geologiya-qidiruv ishlarini olib boruvchi Navoiy va Samarqand viloyatlarida joylashgan  3 ta – “Bukantov”, “Nurota” va “Zirabuloq” geologiya-qidiruv ekspeditsiyalari hamda Geologiya qidiruv partiyasi faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, mazkur ekspeditsiyalarning dala geologik loyihalari natijalari asosida olinayotgan tog‘ jinslari, ma’dan tarkiblarini, texnologik eritmalarning analitik tahlillarini amalga oshirib kelayotgan Geologik laboratoriya majmuasi geologiya-qidiruv ishlarida xizmat qilib kelmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, Respublikaning barcha hududlarida xususan, Markaziy Qizilqum, Ziyavutdin-Zirabuloq, Sirdaryo botiqliklari kabi uranga ixtisoslashgan mintaqalarida mashaqqatli va sharafli kasb sohiblari bo‘lgan geologlar, geofiziklar, geotexnologlar, burg‘ilovchi mutaxassislar va topograf-marksheyderlar o‘z tajriba bilimlari asosida mehnat qilishmoqda. 

Yurtimiz hududlarida olib borilgan tadqiqotlar natijasida yerosti boyliklarining zaxira va prognoz resurslari yildan-yilga o‘stirib kelinmoqda.

Geologiya-qidiruv ishlari orqali Bukantog‘ va Tomditog‘ tog‘larining yon bag‘irlaridagi uranga istiqbolli hududlarini o‘rganish, shuningdek, bashorat-tematik loyihalar doirasida olib boriladigan ishlar yangi istiqbolli maydonlarni aniqlashga qaratilgan.

Ilmiy ishlab chiqarish markazi va uning “Nurota” (Zafarobod, Konimex, Tomdi), “Bukantov” (Uchquduq, Tomdi, Zarafshon), “Zirabuloq” (Nurobod, Ziyovuddin) geologiya-qidiruv ekspeditsiyasi va Geologiya-qidiruv partiya (Zafarobod, Konimex, Tomdi) lariga ushbu vazifa yuklatilgan.

Hozirda ushbu ekspeditsiyalar geolog va burg‘ilash mutaxassislari tomonidan hududlarda geologiya-qidiruv ishlari uchun burg‘ilash ishlari olib borilmoqda.

Xususan, “Bukantov” GQE tomonidan Uchquduq tumanida joylashgan Uchquduq, Ziyokon, Mingboy, Moylisay, Tomdi tumanida joylashgan Qizilqoq, Auminza, Toshqo‘ra, Mullali, Nurafshon, Jasaga va Oqberdi dala maydonlarida burg‘ilash ishlari amalga oshirilmoqda.

Buning samarasida GQEda bashorat resurslari va uran zaxiralarini o‘stirish rejalashtirilgan. Shuningdek, 2024-yilda 3 ta yangi maydonlarda geologiya-qidiruv ishlari olib borildi.

“Nurota” geologiya-qidiruv ekspeditsiyasi o‘zining geologiya-qidiruv ishlari orqali shimoliy va janubiy Nurota tog‘ tizmasi hamda Forish, Konimex, Uchquduq, Nurota, Tomdi tumanlari hududlaridagi uranga istiqbolli hududlarda o‘rganishlar olib boradi.

Xususan, “Nurota” GQE tomonidan Forish tumani hududida joylashgan “Arnasoy”, Konimex tumani hududida joylashgan “Markaziy Chordara”, “Madaniyat”, “Ko‘xnur”, “Janubiy Konimex”, “Janubiy Bukinay”, Nurota tumani hududida joylashgan “Qizilcha”, Tomdi tumani hududida joylashgan “Shimoliy Auminza” dala maydonlarida burg‘ilash ishlari olib borilmoqda.

“Zirabuloq” geologiya-qidiruv ekspeditsiyasi o‘zining geologiya-qidiruv ishlari orqali Qiziltepa, Koson, Muborak va Nurobod tumani hududlaridagi Ziyovuddin va Qoratepa tog‘larining yon bag‘rilaridagi uranga istiqbolli hududlarini o‘rganishni maqsad qilgan.

Shuningdek, bashorat tematik loyihalari doirasida olib boriladigan geologiya-qidiruv ishlari natijalari asosida yangi istiqbolli maydonlarni aniqlashga qaratilgan.

Hozirda “Zirabuloq” geologiya-qidiruv ekspeditsiyasi tomonidan Nurobod tumanida joylashgan “Sharqiy Agron”, “Janubiy Ingichka”, “Sobirsoy”, “Saxoba” maydonlarining sharqiy qismi va “Tuvaktau” maydonining shimoliy qismlari, Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanida joylashgan “Saxoba” maydonining shimoliy qismi, Qashqadaryo viloyatining Muborak tumanida joylashgan “Tuvaktau” maydonining janubiy qismi va Koson tumanida joylashgan “Sho‘rtepa-Jarqum” ma’danli maydonlarida burg‘ilash ishlari davom etmoqda.

Geologiya qidiruv ishlari natijasida uranning bashorat resurslari va uran zaxiralarini o‘stirish asosiy maqsad etib belgilangan.

Shuningdek, “Uran va noyob metallar geologiyasi” ilmiy-ishlab chiqarish markazining asosiy vazifalaridan biri 2030-yilga qadar Respublikaning barcha hududlarida uranni izlash, qidirish, baholash hamda bashorat-tematik ishlarini olib borish orqali uran mineral xomashyosi bazasini 100 ming tonnaga yetkazish hisoblanadi.

Bundan tashqari, burg‘ilangan har bir quduqlarda geofizik tadqiqot ishlarini olib borish va topogeodeziya xaritalar bilan bog‘lash, quduqlardan olingan geologik kern namunalarni laboratoriya sharoitida o‘rganish, ma’dan hosil qiluvchi gorizontlarning gidrogeologik sharoitlarini o‘rganish ishlari olib borilmoqda.

Bugungi kunda geologiya-qidiruv ishlari asosan Markaziy Qizilqumning Bukantog‘, Tomditog‘, Nurota, Auminzatog‘, Zirabuloq-Ziyovuddin tog‘larining yon bag‘rlarida amalga oshirib kelinmoqda.

“Navoiyuran” DK o‘z mablag‘lari hisobidan “Mineral xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta to‘ldirish davlat dasturi” doirasida 2024 yilda 47 ta loyihalar bo‘yicha geologiya-qidiruv ishlarini olib bordi. Bu yo‘lda Markazning malakali va fidoyi ishchi-xodimlari, mutaxassislarining hissasi katta bo‘ldi. Ushbu loyihalarning 7 tasi qo‘shimcha qidiruv ishlari, 4 tasi qidiruv ishlari, 7 tasi baholash ishlari, 16 tasi izlash ishlari, 10 tasi tajriba-sanoat ishlari va 3 tasi prognoz-tematik ishlar hisoblanadi.

Bir so‘z bilan aytganda, Markaziy Qizilqum va Samarqand hududida 1 617 000 metr burg‘ilash ishlari amalga oshirildi. 2024-yil natijalariga ko‘ra uran zaxiralari 10 000 tonnaga, bashorat resurslari esa 12 500 tonnaga oshirildi. Yangi istiqbolli maydonlar aniqlanib, ularning kon tuzilishi o‘rganildi.

2024-yil davomida burg‘ilangan quduqlardan 30 mingdan ortiq geologik namunalar olingan. Olingan namunalardan zamonaviy laboratoriyalarda o‘tkazilgan tahlillar U, Mo, Se kabi elementlarning konsentratsiyasini aniqlashda yordam berdi. Geofizik tadqiqotlar yangi uran konlarini ochish imkoniyatini oshirdi. Shu bilan birga, gidrogeologiya sharoiti ham chuqur o‘rganildi.

Bundan tashqari, “Uchquduq” hamda “Sobirsoy” konlari otvallaridan namunalar olinib, laboratoriya sharoitida o‘rganish ishlari ishlari olib borildi. Ushbu konlarning zaxiralarini ko‘paytirish maqsadida “Bukantov” va “Zirabuloq” geologiya-qidiruv ekspeditsiyalari tomonidan qo‘shimcha qidirish ishlari olib borilmoqda.

2024-yilda yangi istiqbolli maydonlarni geologik jihatdan o‘rganish maqsadida 8 ta istiqbolli maydonlarning loyiha-smeta hujjatlarini tuzish ishlari amalga oshirildi.

Shu bilan birga, “Jongeldi” maydonining janubiy-sharqiy qismi, “Shimoliy Bukinoy” koni hamda “Oqtov” maydoni bo‘yicha bajarilgan geologiya-qidiruv ishlari natijalari asosida yakuniy geologik hisobot tuzilib, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Davlat zaxiralar komissiyasiga tasdiqlash uchun taqdim etildi.  

Uran sohasidagi xalqaro hamkorlik O‘zbekiston uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, xalqaro darajada yuqori mavqega ega bo‘lgan xorijiy kompaniyalar bilan yo‘lga qo‘yilayotgan hamkorlik uranga istiqbolli maydonlarni izlash va geologiya-qidiruv ishlari ko‘lamini kenagaytirishda muhim ahamiyatga ega. Misol uchun, Yaponiyaning “JOGMEG” va “ITOCHU” kompaniyalari bilan birgalikda olib borilayotgan tadqiqotlar nafaqat moliyaviy jihatdan, balki texnologik rivojlanish uchun ham katta hissa qo‘shmoqda. Jumladan, “Jasaga” maydonidagi tadqiqot ishlari xalqaro standartlar darajasida amalga oshirildi.

Burg‘ilangan quduqlarda geofizik tadqiqot ishlari hamda quduqlardan olingan kern namunalarini geologik hujjatlashtirish va namunalash, burg‘ilash uskunalariga geologik xizmat ko‘rsatish ishlari amalga oshirildi.

O‘zbekiston urani jahon miqyosida yuqori sifatga ega bo‘lib, yadro energetikasi uchun muhim resursdir. So‘nggi yillardagi islohotlar va izlanishlar uran zaxiralarini oshirish, yangi maydonlarni tadqiq qilish va qazib olish jarayonlarini zamonaviylashtirishda sezilarli yutuqlarga olib keldi.

Kelgusida Markaz oldida bir qator muhim vazifalar turibdi. Xususan, 2030-yilga qadar uran mineral xomashyo bazasini 100 000 tonnagacha kengaytirish, yangi texnologiyalarni joriy etish va raqamlashtirishni davom ettirish, yosh kadrlarni tayyorlash dasturlarini kengaytirish va sohani ilm-fan bilan integratsiya qilish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish orqali sarmoyalarni jalb qilish.

Bularning barchasi O‘zbekistonning energetika sohasidagi nufuzini mustahkamlab, uning xalqaro bozordagi pozitsiyasini kuchaytirishga xizmat qiladi.

“Uran va noyob metallar geologiyasi” IIChM direktori                                                                                 Zafar Raximov

Sahifalar

Category

Skip to content