Dunyo uran bozoridagi o‘zgarishlar sharoitida xorijiy investitsiya loyihalarini rivojlantirish zarurati
Atom energetikasi sohasida jahon miqyosida barqaror tiklanish jarayoni kuzatilmoqda. Muhim texnologik va ekologik omillar ta’sirida so‘nggi yillarda atom energetikasiga bo‘lgan qiziqish sezilarli darajada ortmoqda. Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) bosh direktori R. Grossi tomonidan qayd etilganidek, atom energetikasi bugungi kunda “barcha uchun toza, ishonchli va barqaror energiya manbai” sifatida xalqaro miqyosda qaytadan e’tirof etilmoqda.
Mazkur jarayon, avvalo, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash doirasida ko‘plab davlatlar tomonidan belgilangan “netto-nol” (uglerod neytral) iqtisodiyotga o‘tish maqsadlari, shuningdek, geosiyosiy vaziyatning murakkablashuvi sharoitida energetika xavfsizligini mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar va strategik qarorlar bilan izohlanadi.
Jahon Atom Assotsiatsiyasi (World Nuclear Association) ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda dunyo bo‘ylab taxminan 440 ta atom energetika reaktori ekspluatatsiya qilinayotgan bo‘lib, ular tomonidan 2024 yilda jami 2667 TVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan va mazkur hajm jahon elektr energiyasi ishlab chiqarishining taxminan 9 foizini tashkil etgan.
Shu bilan birga, hozirgi vaqtda turli davlatlarda 70 ga yaqin yangi atom reaktori qurilish bosqichida bo‘lib, yana 110 dan ortiq atom energiya bloklarini yaqin kelajakda barpo etish rejalari rasman tasdiqlangan. Qayd etilishicha, mazkur loyihalarning salmoqli qismi Osiyo mintaqasi davlatlariga to‘g‘ri keladi.
Shuningdek, xalqaro tahlillarga ko‘ra, 30 ga yaqin davlat ilk bor atom energetikasini joriy etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Xususan, Bangladesh, Misr, Polsha va Turkiya kabi mamlakatlarda tarixda ilk atom elektr stansiyalarini qurish ishlari boshlangan bo‘lib, mazkur holat atom energetikasining global miqyosda qayta rivojlanayotganini yaqqol tasdiqlaydi.
Atom energetikasi sohasida kuzatilayotgan global tiklanish jarayonlari natijasida kelgusi yillarda uran xom ashyosiga bo‘lgan jahon talabining sezilarli darajada oshishi kutilmoqda.Jahon Atom Assotsiatsiyasi hisobotlariga muvofiq, 2024 yilda atom reaktorlari tomonidan talab etilgan uran hajmi taxminan 67 ming tonnani tashkil etgan bo‘lsa, 2030 yilga borib mazkur ko‘rsatkich 28 foizga oshib, yiliga 86 ming tonnaga yaqinlashishi, 2040 yilga kelib esa 150 ming tonnadan oshishi prognoz qilinmoqda.
Shu bilan birga, Reuters agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, jahonda atom energetika quvvatlarining umumiy hajmi ham jadal sur’atlarda o‘sishi kutilmoqda. Xususan, 2025 yil o‘rtasiga kelib taxminan 398 GVtni tashkil etgan jahon atom energetika quvvati 2030 yilga qadar yana 13 foizga, 2040 yilga borib esa 87 foizga oshirilib, umumiy hisobda 746 GVt darajasiga yetkazilishi ekspertlar tomonidan prognoz qilingan.
Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda bir qator davlatlar tomonidan atom energetikasini cheklash yoki bosqichma-bosqich tugatishga qaratilgan oldingi siyosatlar qayta ko‘rib chiqilib, uni energetika tarmog‘ining strategik va ajralmas qismi sifatida saqlab qolish, shuningdek, atom energetika quvvatlarini kengaytirishga qaratilgan davlat siyosati amalga oshirilmoqda. Mazkur tendensiyalar uran xom ashyosiga bo‘lgan global talabning uzoq muddatli va barqaror o‘sishini ta’minlovchi asosiy omillardan biri hisoblanadi.
Xalqaro miqyosda muvofiqlashtirilgan sa’y-harakatlar natijasida, 2023 yilda bo‘lib o‘tgan COP28 xalqaro ekologik konferensiyasi doirasida 31 ta davlat 2050 yilga qadar atom energetika quvvatlarini uch baravarga oshirish bo‘yicha rasmiy siyosiy majburiyatlarni o‘z zimmasiga olgani qayd etilgan.
Mazkur qarorlar atom energetikasini uzoq muddatli va barqaror rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, uran xom ashyosiga bo‘lgan jahon talabining barqaror va izchil o‘sib borish tendensiyasini shakllantirishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, jahon uran bozorida taklif va talab o‘rtasidagi muvozanatning izdan chiqishi kuzatilmoqda. Jahon Atom Assotsiatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda dunyo bo‘yicha uran konlaridan qazib olingan uran hajmi 58,2 ming tonna U₃O₈ (49,3 ming tonna toza uran)ni tashkil etgan bo‘lib, mazkur ko‘rsatkich atom elektr stansiyalarining yillik yoqilg‘iga bo‘lgan umumiy ehtiyojining bor-yo‘g‘i 74 foizini ta’minlagan. Qolgan talab muqaddam shakllangan zaxiralar hisobidan qoplangan bo‘lib, jumladan elektr energetikasi kompaniyalarining strategik zaxiralari hisobidan foydalanilgan.
Keyingi yillarda bozor kon’yunkturasining nisbatan yaxshilanishi hisobiga global uran qazib chiqarish hajmlarida muayyan darajada tiklanish kuzatilgan. Xususan, 2022–2024 yillar davrida jahon miqyosida uran ishlab chiqarish hajmi taxminan 22 foizga oshib, 60,2 ming tonnadan ortiqni tashkil etgani qayd etilgan. Biroq, mazkur ijobiy dinamikaga qaramasdan, xalqaro tahlillarga ko‘ra, amalda ekspluatatsiya qilinayotgan uran konlarining katta qismi 2030 yillarga kelib o‘z resurs salohiyatini bosqichma-bosqich yo‘qotishi kutilmoqda.
Jahon Atom Assotsiatsiyasi baholashicha, 2030 yildan so‘ng hozir faoliyat yuritayotgan konlar hisobiga qazib olinadigan uran hajmi deyarli ikki baravarga qisqarishi mumkin. Mazkur holat o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda atom energetikasi ob’ektlarini uzluksiz yoqilg‘i bilan ta’minlash masalasida jiddiy xavf-xatarlarni yuzaga keltiradi hamda yangi uran manbalarini izlash va o‘zlashtirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarni kechiktirmasdan amalga oshirish zarurligini taqozo etadi.
Mazkur holat 2030 yildan keyingi o‘n yillikda atom energetikasi ob’ektlarini uzluksiz yoqilg‘i bilan ta’minlash maqsadida yangi uran konlarini o‘z vaqtida ishga tushirish, shuningdek, ayrim sabablarga ko‘ra vaqtincha to‘xtab turgan qazib olish maydonlarini qayta ekspluatatsiya qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni jadallashtirish zarurligini taqozo etmoqda.
Shu bilan birga, xalqaro ekspertlar tomonidan uran konlarini geologik razvedka qilishdan boshlab ularni to‘liq sanoat ekspluatatsiyasiga chiqarishgacha bo‘lgan jarayon, odatda, 10–20 yilni talab etishi ta’kidlanib, kelgusida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xom ashyo tanqisligining oldini olish maqsadida bugungi kundayoq yangi geologik-qidiruv ishlari va investitsiya loyihalarini tizimli ravishda va faol rivojlantirish zarurligi alohida qayd etilmoqda.
Uran bozoridagi mazkur vaziyat uning narx dinamikasiga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda. Xususan, ko‘p yillar davomida nisbatan past darajada saqlanib kelgan uran narxlari so‘nggi ikki-uch yil mobaynida jahon bozorida keskin o‘sish tendensiyasini namoyon etmoqda. Jumladan, 2025 yil sentabr oyida spot bozorda uran konsentrati (U₃O₈) narxi har bir funti uchun 82,63 AQSh dollariga yetgan bo‘lib, mazkur ko‘rsatkich so‘nggi o‘n yillikda qayd etilgan eng yuqori darajalardan biri hisoblanadi.
Uran narxlarining oshishiga qator ob’ektiv omillar ta’sir ko‘rsatmoqda, jumladan moliya bozorlarida ayrim investitsiya fondlari tomonidan tabiiy uranning katta hajmlarda xarid qilinishi, jahonning eng yirik uran ishlab chiqaruvchisi hisoblangan Qozog‘iston Respublikasining “Qazatomprom” kompaniyasi tomonidan 2026 yil uchun rejalashtirilgan ishlab chiqarish hajmlarining ixtiyoriy ravishda qisqartirilishi, shuningdek Kanadada joylashgan McArthur River konida texnik sabablarga ko‘ra yuzaga kelgan kechikishlar natijasida ikkinchi yirik ishlab chiqaruvchi Cameco kompaniyasi tomonidan yillik ishlab chiqarish rejalarining pasaytirilishi shular jumlasidandir.
Xalqaro ekspertlarning xulosalariga ko‘ra, dunyo bo‘yicha uran xomashyosiga bo‘lgan talabning ortishi bilan bir qatorda uning barqaror ta’minotida uzoq muddatli global tanqisliklar yuzaga kelmoqda. Ayni paytda “talab barqaror o‘sish tendensiyasida bo‘lgan bir sharoitda ishlab chiqarishning kutilgan sur’atda o‘smasligi” bozorda narxlarning uzoq muddat davomida yuqori darajada saqlanib qolishi ehtimolini oshirayotgani qayd etilmoqda.
Geologik qidiruv faoliyatini kengaytirish hamda xorijiy investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha ustuvor vazifalar. Jahon uran resurslari hajmi salmoqli bo‘lishiga qaramasdan, ularni iqtisodiyot ehtiyojlariga o‘z vaqtida va barqaror ravishda safarbar etish oldindan rejalashtirilgan investitsiyalar hamda tizimli geologik izlanishlarni talab etadi. OECD Atom energiyasi agentligi (OECD/NEA) va Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) tomonidan tayyorlangan so‘nggi “Red Book 2024” hisobotida ushbu masalaga alohida e’tibor qaratilgan bo‘lib, unda global uran zaxiralari atom energetikasi rivojlanishining ijobiy ssenariysi sharoitida ham 2050 yilgacha bo‘lgan ehtiyojni qondirish imkoniyatiga ega ekani, biroq bu holat faqat o‘z vaqtida yangi geologik-qidiruv ishlarini boshlash, yangi konlarni barpo etish va qayta ishlash quvvatlarini rivojlantirishga qaratilgan investitsiyalar amalga oshirilgan taqdirdagina ta’minlanishi mumkinligi ta’kidlangan.
Mazkur ma’lumotlarga ko‘ra 2023 yilning I choragida dunyo bo‘yicha aniqlangan va qazib olinishi iqtisodiy jihatdan maqbul deb topilgan uran zaxiralari 7 934 500 tonnani tashkil etgan. Ushbu ko‘rsatkich avvalgi (2022 yil) yilga nisbatan 0,5 foizga o‘sgan bo‘lsada, ikki yillik hisobot davrida yangi yirik uran konlarining ochilishida sezilarli o‘sish kuzatilmagan. Bu esa, so‘nggi yillarda global miqyosda yirik geologik kashfiyotlar kam bo‘lganini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, uranning jahon bozoridagi narxlarining o‘sishi hamda atom energetikasini rivojlantirish bo‘yicha davlatlar tomonidan qabul qilinayotgan keng ko‘lamli strategik rejalar yangi uran manbalarini izlash va o‘zlashtirishga bo‘lgan qiziqishni keskin oshirayotgani qayd etilmoqda. Mazkur holatni inobatga olgan holda, “Red Book” muallif ekspertlari tomonidan uranning qo‘shimcha zaxiralarini kashf etish va sanoatga joriy etish bo‘yicha sa’y-harakatlarni kechiktirmasdan, hozirdanoq faol boshlash zarurligi to‘g‘risida qat’iy xulosa berilgan.
Shundan kelib chiqib, o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda jahon uran bozorida barqaror va uzluksiz ta’minotni ta’minlash, shuningdek milliy manfaatlarni himoya qilish maqsadida geologik qidiruv ishlarini jadallashtirish va ushbu sohaga investitsiyalarni bugungi kunning o‘zida faol jalb etish hal etuvchi ahamiyat kasb etadi.
Dunyo uran zaxiralari asosan cheklangan sondagi mamlakatlarda jamlangan bo‘lib, jumladan Qozog‘iston, Kanada, Avstraliya, Rossiya Federatsiyasi, Namibiya kabi davlatlar global uran resurslarining salmoqli qismini tashkil etadi. Shu bilan birga, tahlillarga ko‘ra, jahonning ayrim mintaqalarida, xususan Afrika, Osiyo va Lotin Amerikasining qator davlatlarida uranning katta salohiyatga ega rezervlari hali yetarlicha o‘rganilmagan holda qolmoqda.
Jahon Atom Assotsiatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, yaqin vaqtgacha Afrika qit’asidagi bir qator mamlakatlarda uran qazib chiqarish amalda mavjud bo‘lmagan bo‘lsa, so‘nggi yillarda mazkur mintaqada geologik qidiruv ishlari va yangi uran kon loyihalari faollashgani kuzatilmoqda. Bu esa, jahon miqyosida uran xom ashyo bazasini diversifikatsiya qilishga bo‘lgan ehtiyojning oshib borayotganidan dalolat beradi.
Jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, yirik atom energetika dasturlariga ega bo‘lgan davlatlar, jumladan Xitoy Xalq Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi, o‘z milliy kompaniyalari orqali xorijiy uran konlariga strategik sarmoya kiritish yo‘li bilan uzoq muddatli yoqilg‘i ta’minot bazasini oldindan shakllantirishga intilayotgani qayd etilmoqda.
Yuqorida keltirilgan tahliliy ma’lumotlar va prognozlar shuni ko‘rsatadiki, bugungi kunda xorijdagi uran resurslariga sarmoya kiritish hamda geologik razvedka ishlarini kuchaytirish milliy energiya xavfsizligini ta’minlash, shuningdek “Navoiyuran” davlat korxonasining uzoq muddatli va barqaror daromad manbalarini shakllantirishning ajralmas sharti hisoblanadi.
Xudoyor Meliyev,
“Navoiyuran” DK Investitsiya bo‘yicha direktori