“Navoiyuran” davlat korxonasi xodimlari farzandlarining yozgi dam olish mavsumi boshlandi
Brifingda “Navoiyuran” davlat korxonasi 6-Birlashgan kasaba uyushmasi Qo‘mitasi raisi Davrbek Temirov korxona ishchi-xodimlarining farzandlarini yozgi dam olish oromgohlarida sog‘lomlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar xususida ma’lumot berdi
“NKMK Jamg‘armasi” davlat muassasasi tasarrufidagi bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarida 2026-yilgi yozgi dam olish mavsumi rasman boshlandi.
Joriy yilda korxona ishchi-xodimlarining farzandlari uchun yozgi ta’tilni mazmunli tashkil etish, ularning sog‘lom hordiq chiqarishi va bo‘sh vaqtini samarali o‘tkazishini ta’minlash maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
Xususan, “NKMK Jamg‘armasi” DM tasarrufidagi 7 ta shahar tashqarisidagi hamda 3 ta shahar hududidagi bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlariga “Navoiyuran” davlat korxonasi ishchi-xodimlarining 1136 nafar farzandlarini yuborish bo‘yicha shartnomalar rasmiylashtirildi.
Bundan tashqari, Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan “Geolog” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida yana 1000 nafar bolajonning dam olishi tashkil etiladi.
Natijada, joriy yozgi mavsum davomida korxona ishchi-xodimlarining jami 2136 nafar farzandi sog‘lomlashtirish oromgohlarida dam olishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 250 ta yo‘llanmaga ko‘pdir.
Bolalarning birinchi mavsum uchun oromgohlarga jo‘nab ketishi 2026-yil 5, 6 va 7-iyun kunlari amalga oshiriladi.
Qo‘shimcha ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari
Joriy yildan boshlab korxonada ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida yangi tartib joriy etildi. Unga ko‘ra, belgilangan tartibda ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa sifatida rasmiylashtirilgan holatlar oqibatida vafot etgan ishchi-xodimlarning farzandlari ham bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlariga yo‘llanma olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Buning uchun tegishli tarkibiy bo‘linma kasaba uyushmasi qo‘mitasiga murojaat qilish lozim.
Yo‘llanmalarni adolatli taqsimlash tamoyili
Korxona tomonidan taqdim etilayotgan imtiyozlardan imkon qadar ko‘proq ishchi-xodimlar oilalarini qamrab olish hamda yo‘llanmalarni adolatli taqsimlash maqsadida 2026-yil yozgi sog‘lomlashtirish mavsumida xodimning aynan bir farzandiga ikkinchi marotaba yo‘llanma ajratilishi alohida tartib asosida amalga oshiriladi.
Mazkur holatda yo‘llanma ishchi-xodimlar farzandlari uchun belgilangan imtiyozli narxning ikki baravari miqdorida xarid qilinishi mumkin bo‘ladi.
Ota-onalarga murojaat
Kasaba uyushmasi qo‘mitasi ota-onalardan farzandlari bilan oromgohlarda amal qilinadigan ichki tartib-qoidalar, sanitariya-gigiyena talablari hamda xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya etish yuzasidan tushuntirish ishlari olib borishlarini so‘raydi.
Bolalarning yozgi ta’til davrini mazmunli, xavfsiz va maroqli tashkil etish barchamizning umumiy mas’uliyatimizdir.
“Navoiyuran” davlat korxonasi Kasaba uyushmasi qo‘mitasi