Reja-smeta hujjatlarini shakllantirishda moliyaviy intizom va shaffoflik – korrupsiyaga qarshi samarali komplayens mexanizmi
Bugungi kunda qurilish sohasida loyiha-smeta hujjatlarini shakllantirish jarayonida moliyaviy intizom va shaffoflikni ta’minlash korporativ boshqaruv va komplayens tizimining ajralmas qismi sifatida namoyon bo‘lmoqda. Ayniqsa, davlat ishtirokidagi yirik sanoat korxonalari faoliyatida mazkur tamoyillarga qat’iy rioya etish korrupsiya xavflarini minimallashtirishning muhim omili hisoblanadi.
Loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va kelishish jarayonlarida ochiqlik va hisobdorlikni ta’minlash maqsadida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng joriy etilgan. Xususan, smeta hujjatlarini tayyorlash belgilangan tartibda ABS-Uz-4 dasturiy ta’minoti orqali amalga oshirilishi inson omilini qisqartirish, hisob-kitoblarni avtomatlashtirish va ma’lumotlarning yagona elektron bazada yuritilishini ta’minlab, shaffoflik darajasini sezilarli oshirmoqda.
Moliyaviy intizomni ta’minlash reja-smeta jarayonining fundamental bosqichlaridan biri bo‘lib, budjet mablag‘larini rejalashtirish, taqsimlash va sarflashda amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarga qat’iy rioya etishni taqozo etadi. Aniq hisob-kitoblarga, iqtisodiy jihatdan asoslangan xarajatlarga va real ehtiyojlarga tayanilgan smeta hujjatlari mablag‘larning maqsadsiz ishlatilishi, sun’iy ravishda oshirilishi yoki asossiz qayta taqsimlanishi kabi holatlarning oldini oladi.
Shaffoflik esa ushbu jarayonlarning ochiqligi, tekshirishga tayyorligi va manfaatdor tomonlar uchun axborotdan erkin foydalanish imkoniyati bilan izohlanadi. Bu borada quyidagi institutsional mexanizmlar alohida ahamiyat kasb etadi:
- xarajatlar asoslari va hisob-kitoblarining to‘liq hujjatlashtirilishi;
- manfaatdor tomonlar uchun axborot ochiqligi va hisobdorlikning ta’minlanishi;
- elektron platformalar orqali monitoring va nazorat tizimlarining joriy etilishi.
Mazkur yondashuv har qanday moliyaviy operatsiya yoki o‘zgarishni tezkor tahlil qilish imkonini berib, korrupsiyaviy holatlarni yashirish ehtimolini keskin cheklaydi.
Shu bilan birga, zamonaviy komplayens amaliyoti doirasida reja-smeta jarayonida quyidagi tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda:
- ichki va tashqi audit institutlarini kuchaytirish;
- tender va xarid jarayonlarini ochiq va raqobatbardosh asosda tashkil etish;
- mansabdor shaxslarning shaxsiy javobgarligini oshirish va manfaatlar to‘qnashuvini oldini olish mexanizmlarini joriy etish.
Amalga oshirilgan islohotlar natijadorligi amaliyotda ham o‘z aksini topmoqda. Xususan, loyiha-smeta hujjatlarini kelishish muddatlari sezilarli darajada qisqartirilib, davlat ob’ektlari bo‘yicha 5 ish kunigacha tushirildi. Shuningdek, shaharsozlik hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish jarayonlarida raqamli nazorat kuchaytirilib, asossiz moliyaviy xarajatlarning oldini olish bo‘yicha samarali tizim shakllantirildi.
Xulosa sifatida ta’kidlash joizki, reja-smeta hujjatlarini shakllantirishda moliyaviy intizom va shaffoflikni ta’minlash nafaqat budjet mablag‘laridan oqilona va samarali foydalanishga xizmat qiladi, balki korporativ boshqaruvda ochiqlikni ta’minlab, korrupsiya xavflarini keskin kamaytiradi hamda jamoatchilik ishonchini mustahkamlaydi.
“Navoiyuran” DK Reja-smeta bo‘limi boshlig‘i
A.U. Pulatov