“Navoiyuran” davlat korxonasi Bosh direktori Djamal Fayzullayevning Yangi yil munosabati bilan korxona jamoasiga bayram tabrigi
Hurmatli hamkasblar, aziz do‘stlar!
Siz, azizlarni, ko‘p ming sonli butun jamoamizni, Yangi – 2025-yil bilan samimiy muborakbod etaman. Shu quvonchli damlarda barchangizga tinchlik-osoyishtalik, sihat-salomatlik, baxtu saodat tilayman!
Davlatimiz va Hukumatimiz tomonidan jamoamiz zimmasiga yuklatilgan vazifalarning kattaligiga qaramasdan, korxonamizda yuqori iqtisodiy o‘sish ta’minlandi, burg‘ilash hajmlari ham oshdi, geologiya-qidiruv ko‘lami kengaydi, yangi konlarni o‘zlashtirishga kirishildi, investitsiya loyihalari amalga oshirildi.
Bir so‘z bilan aytganda jamoamiz, ayniqsa ishlab chiqarish maydonlari va geotexnologik konlarda mehnat qilayotgan zahmatkashlarning fidokorona mehnatlari ortidan yillik rejamizni ham muddatidan oldin bajarib, yuzimiz yorug‘ bo‘ldi.
Aziz hamkasbalar!
Yangi yil ostonasida ortga nazar tashlab, yil davomida erishilgan yutuqlar salmog‘idan quvonish, natijalarni sarhisob qilish bayram fayziga fayz qo‘shadi.
Shukrki, korxonamiz yildan-yilga zafarli marralarga erishishni davom ettirib, ulkan natijalarga erishmoqda.
Joriy yilda 13,2 trillion so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilib, prognozga nisbatan 128,4 foizni, o‘sish sur’ati esa o‘tgan yilning mos davriga ko‘ra 128,1 foizni tashkil etdi.
Shuningdek, tabiiy uran ishlab chiqarish prognoz ko‘rsatkichi 126,8 foizga, burg‘ilash ishlari 121,8 foizga, mahsuldor eritmalarni qazib olish hajmi 122,7 foizga bajarildi.
2 mln. 400 ming pogono metr geotexnologik burg‘ilash hamda 1 mln 500 pogono metr geologiya-qidiruv uchun burg‘ilash ishlari amalga oshirildi.
Korxonamiz nafaqat yirik ishlab chiqaruvchi, balki yirik soliq to‘lovchi korxonalarning TOP o‘ntaligidan doimiy joy egallab kelmoqda.
Qadrli do‘stlar!
Bizning korxonamiz barqaror o‘sib bormoqda va sifatli mahsulot ishlab chiqarmoqda. Kirib kelayotgan yilda ham biz yangi kuch-g‘ayrat bilan O‘zbekiston manfaati yo‘lida mas’uliyatli vazifalarni bajarishda davom etamiz va qiyinchiliklar oldida ortga chekinmaymiz.
Oldimizda mas’uliyatli vazifalar turibdi. Uran ishlab chiqarishni uch barobarga oshirish, geologiya-qidiruv ishlari ko‘lamini kengaytirish orqali mineral xom ashyo zaxiralarini mustahkamlash, yangi texnologik quduqlarni ishga tushirish, burg‘ilash qurilmalari sonini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish,
Zafarobod qo‘rg‘onining zamonaviy qiyofasini yaratish ishlarini davom ettirish, faoliyatimizning barcha sohalarida raqamli texnologiyalardan foydalanishni kengaytirish, transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish. Ishonchim komilki, bularning barchasini ko‘prog‘i bilan amalga oshirish qo‘limizdan keladi!
Yangi yilda eng aziz orzu-istaklaringiz ro‘yobga chiqishini, oilalaringizda farovonlik, hotirjamlik hukm surishini tilayman.
Yangi yil har bir yurtdoshimizga, korxonamiz jamoasining har bir oila a’zosiga sihat-salomatlik, baxtu saodat va ulkan muvaffaqiyatlar olib kelsin! Yangi yilda xonadoningizdan cheksiz quvonch, fayzu baraka, tinchlik-osoyishtalik arimasin!
Jonajon korxonamiz gullab-yashnayversin!
Kirib kelayotgan Yangi yilingiz muborak bo‘lsin!