“Navoiyuran” – xalqaro geologik hamkorlik sari dadil qadam
Joriy yilning 23–25-iyun kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan “MINEX Central Asia Forum 2025” — Markaziy Osiyoning 11-mineral resurslar forumida “Navoiyuran” davlat korxonasi vakillari faol ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi tashabbusi bilan “Muhim mineral resurslarning global xavfsizligida Markaziy Osiyoning o‘rnini mustahkamlash” shiori ostida tashkil etilgan ushbu nufuzli forumda Yevropa, Osiyo va Markaziy Osiyoning 20 dan ortiq mamlakatidan davlat va xususiy sektor vakillari, yetakchi mutaxassislar va xalqaro kompaniyalar ishtirok etdi.
Forum doirasida mineral resurslar sohasidagi global tendensiyalar, geologik-qidiruv ishlarining samaradorligi, ta’minot zanjiri barqarorligi, raqamlashtirish, ekologik standartlar va malakali kadrlar tayyorlash masalalari keng muhokama qilindi.
Taqdimotlar va panel muhokamalar davomida zamonaviy texnologiyalar, investitsiyaviy imkoniyatlar va mintaqaviy hamkorlik istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.
“Navoiyuran” DK vakillari ham forumda ishtirok etib, korxonaning hozirgi ishlab chiqarish salohiyati, texnologik yangilanish jarayonlari va kelgusi istiqboldagi yirik loyihalari haqida taqdimot o‘tkazishdi. Ta’kidlash joizki, korxonaning bu kabi xalqaro maydondagi ishtiroki uning ochiqlik siyosati, xalqaro standartlarga mos faoliyati va investitsion hamkorlikka tayyorligini yaqqol ifodalaydi.
“MINEX Central Asia 2025” forumi nafaqat sohadagi yetuk mutaxassislar uchun bilim va tajriba almashish maydoni, balki mintaqadagi geologik va sanoat salohiyatni jahon hamjamiyatiga namoyon etish uchun muhim platformaga aylandi.







