2026-yil - Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili
X

Biz haqimizda

"Navoiyuran" davlat korxonasi 2022 yil yanvar oyida "Navoiy KMK"AJni isloh qilish natijasida tashkil etilgan.

Kontakt

  • Inspektorlar 7, 210100, O'zbekiston Respublikasi, Navoiy viloyati, Navoiy shahri
  • info@navoiyuran.uz
  • Ofis ish vaqti: Dushanba - Juma 08:00 - 17:00 Shanba-Yakshanba: Yopiq

XOTIN-QIZLAR BILAN ISHLASH SAMARADORLIGINI OSHIRISH MASALALARI MUHOKAMA QILINDI

Bugun, 20-avgust kuni “Navoiyuran” davlat korxonasida xotin-qizlar bilan ishlash samaradorligini oshirishning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan Navoiy viloyati seminari bo‘lib o‘tdi.

Tadbir “Navoiyuran” davlat korxonasi hamda viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi hamkorligida tashkil etildi. Unda korxonaning faol xotin-qizlari, tashkilot va muassasalarda xotin-qizlar masalalari bo‘yicha mas’ul xodimlar, hamkor tashkilotlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Seminarni “Navoiyuran” davlat korxonasi Kasaba uyushmasi raisi Davrbek Temirov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Tadbir avvalida ishtirokchilarga korxonaning faoliyati, ishlab chiqarish salohiyati va xotin-qizlar bilan ishlash yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar haqida videoroliklar namoyish etildi. Korxonada xotin-qizlar bilan ishlashda har bir xodimning murojaati va ehtiyojini o‘z vaqtida o‘rganish, muammoning sabablarini tahlil qilish hamda uni bartaraf etish bo‘yicha aniq choralarni belgilash samaradorlikning muhim omili ekani qayd etildi.

Navoiy viloyati hokimi o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Malika Mamadiyarova ham so‘zga chiqib, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat va mehnat jamoalaridagi faolligini oshirish, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida fikr bildirdi. Bugungi kunda xotin-qizlar bilan ishlashni faqat muayyan tadbirlar doirasida emas, balki tizimli va manzilli yondashuv asosida tashkil etish muhimligi ta’kidlandi. Xususan, xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish, kasbiy salohiyati va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ular uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish, oila va ish o‘rtasidagi uyg‘unlikni ta’minlash kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbirda “Navoiyuran” davlat korxonasida xotin-qizlar bilan ishlash borasidagi tajriba ham alohida e’tirof etildi. “Navoiyuran” DK boshqarmasi hujjatlar ijrosini nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati boshlig‘i Nargiza Kenjayeva korxonada mehnat qilayotgan faol, tashabbuskor va o‘z ishida namuna ko‘rsatayotgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning kasbiy va ijtimoiy faolligini oshirishga qaratilgan ishlar haqida ma’lumotlar berildi.

Seminar davomida mavzu doirasida turli yo‘nalishlarni qamrab olgan ma’ruzalar ham tinglandi. Ularda xotin-qizlar bilan ishlashning huquqiy asoslari, ularning mehnat huquqlarini ta’minlash, oilaviy munosabatlarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni mustahkamlash, tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish, xotin-qizlarning bandligi va kasbiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash, gender tenglik tamoyillarini mehnat jamoalarida qaror toptirish kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi. Ma’ruzalar jarayonida nazariy ma’lumotlar bilan bir qatorda, amaliyotda uchraydigan holatlar, ularning yechimlari va xotin-qizlar bilan ishlashda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan samarali usullar haqida ham fikr almashildi. Ishtirokchilar uchun bu jarayon mavjud yondashuvlarni qayta ko‘rib chiqish, tajriba almashish va kundalik faoliyatda qo‘llash mumkin bo‘lgan yangi usullar bilan tanishish imkonini berdi.

Seminar davomida ta’kidlanganidek, xotin-qizlarning jamoadagi o‘rni va faolligini oshirish ‒ har bir tashkilotning barqaror rivojlanishiga xizmat qiladigan muhim omillardan biridir. Shu bois seminarda bildirilgan fikr va tavsiyalar korxona va tashkilotlarda xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yana-da takomillashtirishga qaratilgan amaliy qadamlar sifatida ahamiyatli bo‘ldi. Muhokamalar davomida ishtirokchilar o‘z fikr va takliflarini bildirib, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha mas’ul xodimlar faoliyatini yana-da takomillashtirish, tajriba almashish va hamkorlikni kuchaytirish yuzasidan fikr almashdilar.

Seminar yakunida bildirilgan fikr va takliflar umumlashtirilib, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash hamda jamiyatdagi faolligini yana-da oshirish borasidagi ishlarni izchil davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.

Sahifalar

Category

Skip to content