“SIZ KORRUPSIYAGA QARSHI KURASHISHGA TAYYORMISIZ?” ‒ “ZAKOVAT” INTELLEKTUAL O‘YININING FINAL BOSQICHI O‘TKAZILDI
Zakovat maydonida har bir soniya ‒imkoniyat, har bir savol ‒ bilim sinovi, har bir to‘g‘ri javob esa g‘alabaga eltuvchi qadam!
Bilim, mantiq, tezkorlik va jamoaviy hamjihatlik uyg‘unlashgan “Siz korrupsiyaga qarshi kurashishga tayyormisiz?” mavzusidagi “Zakovat” intellektual bahsi ishtirokchilarni yagona maqsad ‒ korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni mustahkamlash yo‘lida birlashtirdi.
Korxonaning Komplayens xizmati hamda xodimlar kasaba uyushmasi hamkorligida ikki bosqichda tashkil etilgan intellektual bahsning birinchi bosqichida tarkibiy bo‘linmalarda g‘olib bo‘lgan jamoalar final bosqichida ishtirok etdilar.
Musobaqaning asosiy maqsadi jamoalarda halollik, ochiqlik va shaffoflik tamoyillarini mustahkamlash, xodimlarning huquqiy madaniyati va fuqarolik mas’uliyatini oshirish, shuningdek, sog‘lom raqobat va intellektual muhitni rivojlantirishdan iborat.





Final bosqichi qizg‘in bahslar va keskin raqobat ostida kechdi. Jamoalar har bir savol ustida birgalikda fikr yuritib, o‘zaro munozara qildilar, tezkor qarorlar qabul qildilar va eng maqbul javobni izladilar. Har bir soniya muhim bo‘lgan bahsda diqqat, mantiq va tezkor fikrlash jamoalarning asosiy ustunligiga aylandi.
Bellashuv savollari O‘zbekiston Respublikasining korrupsiyaga qarshi kurashish va manfaatlar to‘qnashuviga oid qonunlari, Prezidentning tegishli hujjatlari, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha vakolatli organlarning normativ hujjatlari, korxonaning ichki hujjatlari, shuningdek, mantiqiy fikrlash va umumiy bilimlarga asoslangan.






Intellektual bahs yakunlariga ko‘ra, Uran geologiyasi markazining “Zirabuloq” geologiya-qidiruv ekspeditsiyasi jamoasi 1-o‘rin, “Nurobod” IChMning “Sabirsoy” jamoasi 2-o‘rin, Korxona boshqarma xodimlaridan iborat jamoa esa 3-o‘rinni egalladi.



Shuningdek, “Eng intizomli jamoa” nominatsiyasida Zarafobod kon boshqarmasining “Adolat” jamoasi, “Eng tezkor jamoa” nominatsiyasida esa “Uchquduq” IChMning “Zarafshon” jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

