“Navoiyuran” DK Bosh direktori Djamal Fayzullayevning O‘zbekiston Respublikasi geologiya sohasi xodimlari kuni munosabati bilan korxona jamoasiga bayram tabrigi
Hurmatli geologiya sohasi fidoyilari, muhtaram faxriylar va qadrli jamoamiz a’zolari!
Sizlarni va sizlar orqali hayotini yer qa’ri sirlarini o‘rganishdek sharafli va mashaqqatli ishga bag‘ishlagan barcha soha fidoyilarini – geologlar, geofiziklar, marksheyder va gidrogeologlarni kasb bayrami – O‘zbekiston Respublikasi geologiya sohasi xodimlari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman!
Uran geologiyasi – milliy iqtisodiyotimiz qalqoni va sanoat taraqqiyotining strategik tayanchidir. Geolog bo‘lish – bu shunchaki kasb emas, bu tabiat bilan uyg‘unlikni his qila oladigan, jismonan va ruhan bardoshli, o‘tkir tahlilchi va shijoatli insonlarning hayot tarzidir.
Issiq va sovuqda, murakkab dala sharoitlarida yer boyliklarini izlab topish va uni xalq manfaatiga yo‘naltirishdek mas’uliyatli vazifani aynan sizlardek ahil va fidoyi jamoamiz sharaf bilan uddalab kelmoqda.
Bugungi kunda “Navoiyuran” davlat korxonasi sizlarning tinimsiz mehnatingiz evaziga o‘z oldiga qo‘ygan ulkan maqsadlar sari dadil qadam tashlamoqda. Erishayotgan tarixiy natijalarimiz buning yaqqol dalilidir.
Birgina izlanishlar ko‘lamiga e’tibor qaratsak, butun respublikamiz bo‘ylab, xususan, Bukantog‘, Nurota va Ziyavuddin-Zirabuloq hududlaridagi 20 ming kvadrat kilometrdan ortiq maydonda 40 dan ziyod loyiha doirasida jadal qidiruv ishlari olib borilmoqda.
2024-yilda zaxiralarning o‘sishi 10 ming tonnani tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yil yakunlariga ko‘ra bu ko‘rsatkich muvaffaqiyatli ravishda 20 ming tonnadan oshdi.
Qizilqoq va Jasaga konlari zaxiralari tasdiqlandi, joriy 2026 yilda esa Jizzaxdagi Arnasoy konini davlat komissiyasidan o‘tkazish arafasidamiz.
Geologiya-qidiruv yo‘nalishida burg‘ilash qurilmalarimiz soni 70 dan ortdi, zamonaviy karotaj stansiyalari va maxsus transport parki yangilandi. 2022-yilda 731 ming pogonametr burg‘ilash ishlari bajarilgan bo‘lsa, 2026 yilgi maqsadimiz bu ko‘rsatkichni 3,5 million pogonametrga yetkazishdir.
Nufuzli “McKinsey” kompaniyasi ishtirokida korxonaning 2030 yilgacha bo‘lgan strategiyasi tasdiqlandi. Konlarning 3D modellari yaratilib, zaxiralarni xalqaro JORC standarti asosida baholash tizimi amaliyotga tatbiq etildi.
Davlatimiz rahbari, muhtaram Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tomonlaridan sohamizga qaratilayotgan yuksak e’tibor natijasida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida uran ishlab chiqarish hajmini kamida 3 barobarga oshirishdek ustuvor vazifa qo‘yilgan.
Bu yo‘lda inson kapitalini rivojlantirish va xodimlar mehnatini munosib qadrlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. So‘nggi yillarda muhandis-texnik va geolog mutaxassislarimizning o‘rtacha maoshlari sezilarli darajada oshib, 2000 AQSh dollari ekvivalentiga yetkazilgani so‘zimizning tasdig‘idir.
Qadrli do‘stlar!
Oldimizda uran qazib olishni takomillashtirish, resurs tejamkor va ekologik xavfsiz texnologiyalarni joriy etish kabi ulkan vazifalar turibdi. Ishonchim komilki, sizlarning bilim va salohiyatingiz, kasbiy mahoratingiz bundan keyin ham milliy iqtisodiyotimizning ajralmas qismi bo‘lgan uran sanoatini yanada rivojlantirib, xalqimiz farovonligini oshirishga xizmat qiladi.
Ushbu qutlug‘ kunda barchangizga mustahkam sog‘liq, oilaviy xotirjamlik, baxt-saodat va mashaqqatli hamda sharafli ishlaringizda ulkan zafarlar tilayman!
Kasb bayramingiz muborak bo‘lsin!