Zafarobodda yangi madaniyat va ma’rifiat maskanlari foydalanishga topshirildi
Bugungi kunda Zafarobod shaharchasi tom ma’noda yuksalish va yangilanish bosqichini boshdan kechirmoqda. Har bir ko‘cha, har bir mahalla zamonaviy qiyofa kasb etib, shaharcha tobora obod va farovon hayot makoniga aylanib bormoqda.
Shu jarayonda “Navoiyuran” davlat korxonasi tomonidan amalga oshirilayotgan ijtimoiy ahamiyatga ega investitsiya loyihalari o‘zining bunyodkorlik ruhi, xalq manfaatlariga xizmat qiluvchi mazmuni bilan ajralib turadi.
Mazkur loyihalar korxonaning asosiy qadriyati bo‘lgan ijtimoiy mas’uliyat va xalq bilan hamnafaslik tamoyillarini o‘zida mujassam etgan. Shaharcha markazida foydalanishga topshirilgan Amfiteatr va Kutubxona binolari mahalla aholisiga, ayniqsa, yoshlar uchun haqiqiy bayram tuhfasiga aylandi.
Ochilish marosimida “Navoiyuran” DK rahbariyati, mahalla faollari, o‘quvchi-yoshlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi. Tadbir avvalida “Navoiyuran” DK Bosh direktori Djamal Fayzullayevning samimiy tabrigini korxonaning investitsiyalar bo‘yicha boshqaruvchi direktori Xudoyor Meliyev o‘qib eshittirdi.
Marosimda so‘z olgan nuroniylar bu kabi madaniyat va ma’rifat o‘choqlari yoshlar tarbiyasida, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishda, kitobxonlikni targ‘ib etishda muhim o‘rin tutishini alohida ta’kidlab, bunday ezgu tashabbuslar uchun korxona rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi.
Shundan so‘ng, ramziy tasmalar tantanali tarzda kesilib, yangi binolar rasman foydalanishga topshirildi. Yig‘ilganlar dastlab yangi kutubxona binosida yaratilgan sharoitlar, zamonaviy interyer va boy kitob fondi bilan yaqindan tanishdilar. Dastlabki bosqichda bu yerga o‘zbek va jahon adabiyotining 1000 dan ortiq eng sara asarlari sovg‘a qilindi. Kelgusida kutubxona fondini bosqichma-bosqich boyitish, elektron kitoblar bazasini kengaytirish rejalashtirilgan.
Kutubxona huzurida tashkil etilgan o‘quv markazida esa malakali o‘qituvchilar tomonidan chet tillari, matematika va boshqa fan yo‘nalishlari bo‘yicha dars mashg‘ulotlari olib borilishi yo‘lga qo‘yildi.
Tadbir yakunida yangidan qurilgan amfiteatr sahnasida “Yoshlik” madaniyat uyi badiiy jamoasining rang-barang konsert dasturi namoyish etilib, yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Yangi bunyod etilgan ushbu madaniy maskanlar Zafarobod aholisi hayotiga yangicha ruh, quvonch va ma’naviy yuksalish bag‘ishlab, mahallaning yanada jozibador bo‘lishiga xizmat qiladi.



















