“Navoiyuran” DK konchilari sharaflandi
Zafarobod shaharchasida O‘zbekiston Respublikasi konchilik va metallurgiya sanoati xodimlari kuni kasb bayrami hamda “Zafarobod” kon boshqarmasi tashkil etilganining 55 yilligi munosabati bilan keng ko‘lamli tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Mazkur bayram tadbiri mamlakatimiz konchilik va metallurgiya sohasida mehnat qilayotgan fidoyi insonlarga yuksak ehtirom ramzi sifatida yuqori saviyada tashkil etildi.
Tadbirda “Navoiyuran” davlat korxonasi tizimida ko‘p yillardan buyon samarali mehnat qilib kelayotgan soha ilg‘orlari, muhandis-texnik xodimlar, mehnat faxriylari, keng jamoatchilik va mahalla faollari ishtirok etdi. Bayramona muhitda o‘tgan tantana mehnat ahlining sharafli kasbiga bo‘lgan hurmat va e’tirof ifodasiga aylandi.
Tantanali marosimni “Navoiyuran” davlat korxonasi Bosh direktori Djamal Fayzullaev ochib berdi. U o‘z tabrigida barcha konchi va metallurglar, zafarobodliklar hamda soha xodimlarini qutlug‘ sana bilan samimiy muborakbod etib, ularga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt va mehnat faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda “Navoiyuran” davlat korxonasi mamlakatimiz sanoat salohiyatini yuksaltirish, iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlash va strategik ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirishda muhim o‘rin tutmoqda. Korxonada geologiya-qidiruv ishlari, uran qazib olish va qayta ishlash jarayonlariga zamonaviy texnologiyalar, innovatsion yechimlar hamda ilg‘or ishlab chiqarish yondashuvlari keng joriy etilayotgani yuqori samaradorlikka xizmat qilayotgani alohida qayd etildi.
Shu bilan birga, yurtimizda konchilik va metallurgiya sanoatini rivojlantirishga qaratilgan keng qamrovli islohotlar, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev tomonidan sohaga qaratilayotgan doimiy e’tibor natijasida “Navoiyuran” davlat korxonasi oldiga 2030 yilga qadar ishlab chiqarish hajmini uch barobarga oshirishdek ulkan va mas’uliyatli vazifalar qo‘yilgani ta’kidlandi.
Bosh direktor o‘z nutqida “Zafarobod” kon boshqarmasining 55 yillik tarixiga ham alohida to‘xtalib, mazkur zaminda dunyoda ilk bor uran qazib olishning yer ostida ishqorlash usuli amaliyotga joriy etilganini faxr bilan tilga oldi. Bu tarixiy yutuq nafaqat mamlakatimiz, balki jahon konchilik sanoati taraqqiyotida ham muhim ahamiyat kasb etgani qayd etildi.
Tadbir davomida Konimex tumani hokimi Ruslan Ro‘ziev ham so‘zga chiqib, soha xodimlari va mehnat fidoyilarini kasb bayrami hamda shonli sana munosabati bilan tabrikladi. U o‘z chiqishida konchi va metallurglarning mamlakat iqtisodiyoti rivojidagi beqiyos o‘rnini e’tirof etdi.
Tantanali marosimning eng ta’sirli lahzalaridan biri soha ilg‘orlarini taqdirlash jarayoni bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasining jahon standartlariga javob beradigan mahsulotlar ishlab chiqarishga qo‘shgan munosib hissasi, ko‘p yillik samarali va fidokorona mehnati hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun bir guruh rahbarlar, muhandis-texnik xodimlar va ishchilar munosib rag‘batlantirildi.
Xususan, soha fidoyilari “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlandi. Shuningdek, “Navoiyuran” davlat korxonasi ma’muriyati va kasaba uyushmasi qo‘mitasining qo‘shma qaroriga asosan bir qator xodimlarga “Navoiyuran faxriysi” unvoni, korxonaning “Faxriy yorlig‘i” hamda esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.
Bayram tadbiri madaniy-konsert dasturi bilan yanada ko‘tarinki ruhda davom etdi. Poytaxtdan tashrif buyurgan taniqli estrada xonandasi Nilufar Usmonova, shuningdek, “Yoshlik” madaniyat uyi hamda O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Navoiy viloyati bo‘linmasi badiiy jamoalarining chiqishlari ishtirokchilarga unutilmas taassurotlar ulashdi. Kuy-qo‘shiqlar, milliy raqslar va sahna chiqishlari bayramga yanada fayz bag‘ishladi.
O‘zbekiston Respublikasi konchilik va metallurgiya sanoati xodimlari kuni hamda “Zafarobod” kon boshqarmasining 55 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir rang-barang mushakbozlik bilan yakunlandi. Mazkur bayram nafaqat soha xodimlarining mehnatini munosib qadrlash, balki yurtimiz sanoat taraqqiyotiga hissa qo‘shayotgan insonlarga yuksak ehtirom ifodasi sifatida barcha ishtirokchilar xotirasida muhrlandi.
“Navoiyuran” DK PR xizmati








