FIDOYI BUNYODKORLAR MEHNATI MUNOSIB E’TIROF ETILDI





Korxonada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli qurilish va bunyodkorlik loyihalari, zamonaviy ishlab chiqarish obyektlari va infratuzilma inshootlarining barpo etilishida qurilish sohasi vakillarining munosib hissasi bor.
Xabaringiz bor, avgust oyining ikkinchi yakshanbasida yurtimizda O‘zbekiston Respublikasi qurilish sohasi xodimlari kuni keng nishonlanadi. Shu munosabat bilan bugun, 7-avgust kuni “Navoiyuran” davlat korxonasida tizimda mehnat qilayotgan muhandislar, me’morlar, loyihachilar, bo‘yoqchi va suvoqchilar, ustalar hamda barcha ishchi-xizmatchilar ishtirokida bayram tadbiri tashkil etildi.





Tadbir avvalida “Navoiyuran” DK Bosh direktori Djamal Fayzullayevning kasb bayrami munosabati bilan yo‘llagan tabrigini korxonaning Investitsiyalar bo‘yicha direktori Xudoyor Meliyev o’qib eshittirdi.
Bayram tadbirida qurilish sohasidagi ko‘p yillik samarali mehnati, korxona taraqqiyotiga qo‘shayotgan munosib hissasi, bunyodkorlik ishlaridagi faolligi va zamonaviy obyektlarni barpo etishdagi xizmatlari uchun bir guruh xodimlar “Navoiyuran” DK Bosh direktori hamda 6-Birlashgan kasaba uyushmasi qo‘mitasining III darajali “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishoni, faxriy yorlig’i, tashakkurnomasi va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.



